Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda
17:00 / 2021-09-15

Xabaringiz bor, joriy yil 13 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Unda davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan bir qatorda tizimdagi kamchiliklar, mavjud muammolar va ularni hal etish choralari haqida so‘z yuritib, buning uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Sir emaski, tibbiyot tizimida erishilgan yutuqlar, eng avvalo, xirurgiya xizmati rivoji va ushbu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va salohiyati bilan o‘lchanadi. Qaysi mamlakatda tibbiyotning ushbu yo‘nalishi taraqqiy etgan bo‘lsa, aholi ham sog‘liqni saqlash sohasi va unda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan rozi bo‘ladi.

Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda xirurgiya xizmatini yanada takomillashtirish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yurtimizda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, tashxislash, operatsiya qilish va davolash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Natijada bugunga kelib, yurtimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta, shundan shoshilinch ravishda 300 ming, rejali 450 ming jarrohlik amaliyotini bajarish yo‘lga qo‘yildi.  

Ushbu jarrohlik amaliyotlarining 24 mingtasi respublika tasarrufidagi klinikalarda o‘tkazilayotgan bo‘lsa, 550 mingtasi viloyat markazlarida, 170 mingtasi esa tuman miqyosida amalga oshirilmoqda.

– Quvonarlisi, sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratib berilayotgan sharoit va berilayotgan imkoniyatlar tufayli bugungi kunda birgina markazimizning o‘zida yiliga qilinayotgan jarrohlik amaliyotlari soni o‘rtacha 6,5 mingta, operatsiyalar turi 350 ta, shuningdek, viloyat markazlarida 130 ta, tuman shifoxonalarida esa 60 taga yetdi, – deydi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod ISMAILOV. – Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra kelgusida tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79 taga, viloyat darajasida 168 tagacha yetkazish va buning uchun hududlarda zarur sharoitlar yaratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, yurtimizdagi 32 ta shifoxonada zamonaviy endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etildi. Vaholanki, 2016 yilda respublikada atigi 15 ta angiograf mavjud edi, xolos.  

Shu bilan birga, hozir mamlakatimizda 82 nafar intervension kardiolog mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Albatta, sohada yaratib berilayotgan bunday sharoitlar o‘z-o‘zidan xalqimizga xirurgiya yo‘nalishida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berayotir.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi  

matbuot xizmati