English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulotga “Organic” sertifikati olingan
09:43 / 2023-03-02

bugungi kunda turli kimyoviy vositalarsiz yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori. Shu o‘rinda aytish kerakki, yurtimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulotga “Organic” sertifikati olingan. Ya’ni, eng avvalo, zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va me’yoridan ortiq mineral o‘g‘itlardan xoli bo‘lgan yerga xalqaro “Organic” sertifikatini olgan urug‘ qadalib, u yerdan sifatli mahsulot olishga erishiladi. Xalqaro “Organic” sertifikatini olgan mahsulot esa eksportbop hisoblanadi.

Qora sedana nafaqat tibbiyotda, balki  kosmetika sanoatida ham keng qo‘llaniladigan rezavordir. Jigar, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklarda tengsiz deya baholanayotgan qora sedana yurtimizning ko‘p hududlarida yetishtiriladi. Endilikda qora sedanani organik usulda yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi va “Crop production organic Ltd” kompaniyasi ilk pilot loyihaga qo‘l urdi. Sirdaryo tumanida bir necha yillardan buyon foydalanilmay kelinayotgan qarovsiz 20 gektar yer maydoniga qo‘l mehnati va zamonaviy texnika yordamida ishlov berildi. Unumdor nam tuproq pestitsid va kimyoviy vositalarsiz ekish uchun tayyor holatga keltirilib, 300 kilogramm organik qora sedana urug‘i ekildi.  

– Qishloq xo‘jaligi vazirligi organik mahsulotlar yetishtirish borasida xususiy sektor bilan hamkorlikda amaliy ishlarni yo‘lga qo‘ydi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jumanov. — Jumladan, Sirdaryo viloyatida yer tanlab olinib, qora sedana yetishtirish boshlab yuborildi. Nega sedana? Chunki jahon va Yevropa bozori o‘rganilganda, organik sedanaga talab katta ekanligi ayon bo‘ldi. Inson salomatligi uchun vitaminlar manbai bo‘lgan qora sedanadan yog‘ olish, dorivor vositalar va kosmetologiyada keng qo‘llanilgani uchun unga talab oshib bormoqda. Shu bois O‘zbekistonda ham uni yetishtirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ydik. 

E’tiborli jihati shundaki, tanlangan yer qo‘l mehnati va mexanik usulda hech qanday zararli moddalardan, kimyoviy vositalardan  foydalanmasdan tayyor holga keltirildi. Maxsus sertifikatga ega qora sedana urug‘i tanlab olindi. Ayni paytda ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Vazirligimiz organik sedana yetishtirish, unga ishlov berish, yig‘ib-terib olish va shu bilan birga, eksportga yo‘naltirish borasida tadbirkorlarga amaliy yordam berishni maqsad qilgan. Shuningdek, yurtimizdagi barcha fermer xo‘jaliklari ishtirokida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha seminarlar tashkil etish, ularga ekishdan tortib eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan jarayonni turli mediamahsulotlar orqali yetkazish, maxsus qo‘llanmalar yaratish ustida ham ishlar olib borilmoqda.  

Darhaqiqat, bugungi kunda darmondori bo‘lgan qora sedanaga nisbatan  talab ortib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilgan qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi juda katta. Boisi turli zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va me’yoridan ortiq mineral o‘g‘itlardan xoli bo‘lgan yerga “Organic” sertifikatli urug‘ qadaladi. Uni parvarishlash va yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon ham sog‘lom muhitda tashkil etiladi. Tayyor bo‘lgan organik qora sedana nafaqat foydaliligi, balki eksportbopligi bilan ham ajralib turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob organik qora sedananing narxi Yevropa bozorlarida juda yuqori va talabgir hisoblanadi.  

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha dastlab Sirdaryoda boshlangan bo‘lsa, yaqin kelajakda butun yurtimiz bo‘ylab amalga oshiriladi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA