Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda xalqaro adabiy festival o‘tkaziladi
12:40 / 2022-01-10

Mamlakatimizda milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor sohada xalqaro hamkorlik rishtalarini yanada kengayishiga xizmat qilmoqda. Milliy so‘z san’atimiz darg‘alarining ijod namunalari, o‘zbek shoir va yozuvchilarining asarlari xorijiy tillarda chet davlatlarda nashr etilmoqda. Xorijdagi adabiy jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari qamrovi tobora kengaymoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, 2022 yil sentyabr oyida Toshkent va Buxoro shaharlarida “Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival” bo‘lib o‘tadi. Ushbu xalqaro festival O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va sport vazirligi, mamlakatimizning Londondagi elchixonasi va “Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival” ma’muriyati hamkorligida tashkil etilmoqda.
  
Festivalda Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatiga oid asarlar chop etgan xorijlik yozuvchilar, noshirlar, adabiy agentlar va kitob sotuvchilari, shuningdek, o‘zbek yozuvchi va shoirlari ishtiroki kutilmoqda.  Tadbirdan ko‘zlangan maqsad o‘zbek yozuvchi va shoirlari asarlari uchun Yevropa nashrlariga kengroq yo‘l ochish, xorijiy o‘quvchilarni mamlakatimizning boy adabiy va madaniy an’analari va bugungi kuni bilan tanishtirishdan iboratdir.

– O‘tgan yili mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bizga ushbu festivalni o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan edi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmon. – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Turizm va sport vazirliklari, mamlakatimizning Londondagi elchixonasi ishtirokida festival tashabbuskorlari bilan onlayn muloqot o‘tkazdik. Unda festivalning tashkiliy jihatlari va uni o‘tkazish tartibi muhokama qilindi. Noyabr oyida esa Sofi Ibbotson O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida qabul qilindi. Bo‘lib o‘tgan muzokarada tadbir bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelindi. Britaniya tomoni ma’ruzachilar sifatida taniqli tarixchi olimlar Uilyam Dalrimpl, Piter Frankopan, O‘zbekistonga oid kitoblar muallifi Kerolayn Iden ishtirok etishini rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Ushbu xalqaro festival har yili Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlarning birida o‘tkaziladi. O‘zbekiston mazkur festivalni qabul qilgan birinchi mamlakat bo‘ladi.  

Buyuk Britaniya tomonidan festivalni tashkil etishda “Shute Festival” adabiy festivali ma’muriyati, Osiyo adabiy agentligi, Osiyo ishlari bo‘yicha Qirollik jamiyati va Britaniya kengashi ishtirok etadi.
 
“Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival” doirasida yigirmadan ortiq tadbirlar o‘tkaziladi. Bular adabiy munozaralar, yangi kitoblar taqdimoti, dolzarb adabiy mavzulardagi seminarlardir. Festival badiiy tarjima, o‘zbek adabiy an’analari, o‘zbek mualliflarining asarlarini Yevropa nashrlarida chop etish, zamonaviy sharoitlarda noshirlik biznesini rivojlantirish kabi masalalarni qamrab oladi.

 

N.Usmonova, O‘zA