Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari O‘zbekistonning iqlim sharoitida tolali zig‘ir yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Tadqiqotlar doirasida zig‘irning “Avgustin”, “Aksent”, “Grant”, “Lada” va “Dukat” navlari laboratoriya va dala sharoitida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Shunga ko‘ra, dastlabki bosqichda institut laboratoriyasida “Avgustin”, “Aksent”, “Grant” va “Lada” navlari urug‘larining unish energiyasi aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, keyinchalik Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi tajriba maydonida tanlangan navlar ekildi. Urug‘lar 10–12 kun ichida unib chiqishni boshlagan, to‘liq unib chiqish esa 20–22 kunda kuzatilgan.

Umumiy unuvchanlik 80–90 foiz atrofida bo‘lib, eng yuqori natijani “Grand” va “Avgustin” navlari 90 foiz bilan ko‘rsatgan. Eng past unuvchanlik esa “Dukat” navida qayd etilib, 80 foizni tashkil etgan.
Ilmiy xodimlarning ta’kidlashicha, ushbu tadqiqotlar mamlakatimizda tolali zig‘ir yetishtirish imkoniyatlarini baholash va qishloq xo‘jaligi sanoatiga yangi istiqbollarni ochib berishda muhim ahamiyatga ega.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA