Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda ro‘y berayotgan qum va tuz bo‘ronlari yoxud noqonuniy kesilgan daraxtlar uchun qanday majburiyatlar yuklatilgan?
16:04 / 2022-04-04

O‘rmonlarning qanday ahamiyat kasb etishini anglash va anglatish uchun so‘nggi paytda O‘zbekiston hududida tez-tez ro‘y berayotgan qum va tuz bo‘ronlarini eslash kifoya.

Har soniyada dunyo bo‘ylab 23 gektar maydonlar cho‘llanib boryapti. Bu holat davom etaversa, 2050 yilga borib, yer yuzining 95 foizi cho‘llanishi va bu 3 milliarddan ziyod odamni oziq-ovqat muammosiga duchor qilishi mumkin.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tashkil etilganidan buyon besh yilga yaqin vaqt o‘tdi, bu sohada qanday ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi? O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Usmonov bilan suhbatimiz shu haqda kechdi.

– O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan so‘nggi yillarda sohani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2 million 55 ming gektar yer maydonda o‘rmon barpo etildi, hozirgi kunda o‘rmon fondi yerlarining umumiy maydoni 12 million gektarni tashkil etmoqda.

Darhaqiqat, Orol dengizining suvi qurishi oqibatida ekologik muhit va tabiiy muvozanat buzilib, iqlim salbiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Ushbu hududlardan qum, tuz va changlarning havoga ko‘tarilishi va atrof-muhitga yog‘ilishi natijasida Orolbo‘yi mintaqasi hududida yashovchi aholiga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetkazilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlar ekilgan yerlarda ikkilamchi sho‘rlanishlar kuchayib, hosildorlikka salbiy ta’sir qilmoqda.

Bugunga kelib, Orolbo‘yi hududlarining 1,2 million gektar qurigan tubida ihota daraxtzorlari barpo etishga erishildi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududlarida jami keyingi besh yillik 1 million gektar, shundan joriy yilda 200 ming gektar hajmda cho‘l o‘simliklaridan «yashil qoplamalar» himoya o‘rmonzorlari barpo etish rejalashtirilgan. bugungi kungacha, 700 tonna cho‘l o‘simliklarining urug‘larini jamg‘arildi, 18 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» barpo etildi. Ayni paytda urug‘ jamg‘arish va ekish ishlari davom ettirilmoqda.

– O‘rmonlarning ahamiyati nimada?

– So‘nggi yillarda o‘rmonlarning yo‘qolib ketishi bilan bog‘liq tendensiyalar nafaqat ekologlar orasida, balki butun xalqaro hamjamiyatlarda tashvish uyg‘otdi. Iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlashda o‘rmonlarning ahamiyati katta. Mamlakatimizda ushbu sohaga e’tibor yanada kuchaytirildi. O‘rmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.

Mamlakatda yashillikni saqlab qolish maqsadida har bir kesilgan daraxt va buta uchun kompensatsiya tarzida qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan 10 tup yirik o‘lchamli (5 yosh va 2 metrdan kam bo‘lmagan) ko‘chat ekish va ularni ikki yil davomida parvarish qilish tartibi belgilandi. Noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiyati kiritildi. 

Davlat ekologiya qo‘mitasi atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash tartibini qayta ko‘rib chiqib, tabiatni tiklashga qaratilgan kompensatsiya mexanizmlarini keng joriy etdi. 

So‘nggi yillarda dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, ularning plantatsiyalarini tashkil etish, qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish zarurati paydo bo‘lmoqda.  

O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarning 700 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, shulardan tabiiy sharoitda o‘sadigan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin o‘simlik turlarigina ilmiy va xalq tabobatida qo‘llaniladi. O‘rmon fondi yerlarida ushbu o‘simliklar madaniy holda yetishtiriladi hamda xom-ashyosi tayyorlanadi. 

Tahlillarga ko‘ra, hatto jahon amaliyotida ham bu boradagi natijalar yuqori emas. Yer yuzida aniqlangan 10-12 mingdan ortiq turdagi dorivor giyohlarning mingdan ziyodining kimyoviy, farmakologik, is xossalari tekshirilgan, xolos. Vaholanki, dunyo bo‘yicha farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 50 foizdan ortig‘i shifobaxsh o‘simliklar xomashyosidan tayyorlanmoqda.

Bugunga kelib soha olimlari tomonidan yaratilgan mahalliy sharoitga mos bo‘lgan pistaning yangi – 13 ta navlari davlat reyestriga kiritildi va 8 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklarida onalik bog‘lari tashkil etildi.

Germaniya, Italiya, Gretsiya va Turkiya kabi davlatlardan olib kelingan 76 turdagi yog‘ochbop duragay terak navlaridan istiqbolli turlari tanlab olinib, respublikaning bir qator hududlarida yetishtirish joriy etildi. 

Xorijiy davlatlardan tez o‘suvchi terakning yangi 6 turi va pavlovniyaning 2 ta duragaylari olib kelinib, «in-vitro» laboratoriyasida yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

– Davlatimiz rahbarining «o‘zbekiston respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Respublika bo‘yicha o‘rmon xo‘jaliklarida o‘tgan 2021 yilda jami 3 ming 991 gektar yer maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, yil yakuniga kelib 5001 gektar yer maydonda plantatsiyalar barpo etilgan.

Dorivor o‘simliklar xomashyosini tayyorlash rejasi 6 ming 947 tonna bo‘lib, yil yakuniga kelib 7000,8 tonna tayyorlangan. Alohida qayd etishim lozimki, 2030 yilga kelib o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga (shundan o‘rmon bilan qoplangan yer maydonini 6 million gektarga), urug‘ tayyorlash hajmini yiliga 840 tonnaga, asalari oilalari sonini 300 ming taga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini yiliga 32 ming tonnaga hamda dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmini 11,6 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon fondi yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berish O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining buyurtmasiga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. 

– So‘nggi yillarda respublikamiz hududlarida ham tez-tez kuchli shamol va qumli bo‘ronlar kuzatilmoqda. qo‘mita tomonidan cho‘llanishga qarshi qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Aslida o‘rmonlarning qanday ahamiyat kasb etishini anglash va anglatish uchun so‘nggi paytda O‘zbekiston hududida tez-tez ro‘y berayotgan qum va tuz bo‘ronlarini eslash yetarli. Ma’lumki, 2021 yilning 4-7 noyabr kunlari Toshkentda kuchli qum-chang bo‘ronlari sodir bo‘lgan edi. Ularning asosiy sababi – yerlarning degradatsiyaga uchragani va «Yashil qoplama»larning kamayib ketganligidir. Bu kabi hodisalar ko‘pincha qurg‘oqchil hududlarda — cho‘l va yarim cho‘l hududlarda sodir bo‘ladi. Yashil o‘rmonlar, daraxtzorlar tashkil etilishi Orolning qurishi oqibatida mintaqamizda yuzaga kelgan og‘ir ekologik muammolarni yumshatishda, atrof-muhit musaffoligini saqlash muhim.

Odamlar hayoti uchun kislorod ishlab chiqarilishi ortadi. Mazkur muammolarning oldini olish maqsadida «O‘zbekistonda chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi» ishlab chiqilib, 2022 yil 11 yanvarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.



Muhayyo TOSHQORAEVA suhbatlashdi, O‘zA