O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi va “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Ommaviy diktant” aksiyasi o‘tkazildi.
Ushbu ma’rifiy aksiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Diktant jarayonlari 16 oktyabr kuni soat 11:00 da respublikadagi barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtda boshlandi.
“Ommaviy diktant” aksiyasidan ko‘zlangan maqsad o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini bilish burch va majburiyat sifatida his etilishiga erishish, millat farzandlarining yozma savodxonlik darajasini, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tilining tuzilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli oshirib borish hamda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.
Ushbu aksiyani o‘tkazish Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2024 yil ikkinchi yarim yillik ish rejasida belgilab qo‘yilgan. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashabbusi bilan tilbilig.uz sayti yaratilgan.
tilbilig.uz sayti aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish, uning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy platforma hisoblanadi.
Platforma o‘zining savodxonligini sinamoqchi bo‘lgan jamiyatning har bir vakili uchun beminnat xizmat ko‘rsatadi. Yurtdoshlarimiz istalgan paytda platformada ro‘yxatdan o‘tishi va diktant yozish orqali ona tilimiz bo‘yicha savodxonligini tekshirishi mumkin.
tilbilig.uz platformasida bir qator bo‘limlar tashkil etilgan bo‘lib, unda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi hamda o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga muvofiq maxsus tayyorlangan videodarslar, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr ettirilayotgan turli yo‘nalishdagi lug‘atlar, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan asl manbalar orqali tanishish mumkin.
Shuningdek, platformada diktantlar bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, unda bugungi kunda 60 ga yaqin audiodiktant joylashtirilgan. Istalgan paytda, istalgan joyda, ushbu audiodiktantlarni tinglash va o‘zbek tili savodxonligiga oid bilimlarni sinab ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, esselar bo‘limi ham tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 100 ga yaqin esse mavzulari, 30 ga yaqin esse namunalari ham kiritilgan.
tilbilig.uz doimiy faoliyat yurituvchi interaktiv platforma sanaladi.
N.Usmonova,
R.Nazarmatov (surat), O‘zA