Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda “omikron” shtammi qayd etilgan ilk bemorning ahvoli haqida ma’lumot berildi (+video)
08:26 / 2022-01-11

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yurtimizdagi koronavirus bilan bog‘liq mavjud epidemiologik holat yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutasaddilari hamda vazirlik qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zolari ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizga “omikron” shtammi kirib kelishi, kelgusida ko‘zda tutilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimovning takidlashicha, yurtimizda 2021 yil iyun oyining ikkinchi yarmidan boshlab kasallanish ko‘rsatkichlari o‘sgan.

Iyul oyida kasallik aniqlanishining yuqori cho‘qqisiga chiqdi, avgust oyining birinchi yarmida biroz stabil holat yuzaga keldi. Avgust oyining ikkinchi yarmi va sentyabr oyidan boshlab kasallik aniqlanishining pasayishi kuzatilgani hamda so‘nggi bir hafta davomida kasallanishning oshgani qayd etilmoqda.

bugungi kunda yurtimizda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 16 ta maxsus tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalar soni zarurat tug‘ilsa, 132 ta, koykalar sonini esa 32 mingtaga yetkazish imkoni bor.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, "omikron" shtammiga chalingan bemorlarning 98 foizi uy sharoitida, 2 foizi esa statsionar tarzda davolanmoqda. Chunki virusning mazkur turi asosan yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi.

Yurtimizda  shtammi qayd etilgan ilk bemor 2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ayni paytda uning holati qoniqarli. Ushbu chet el fuqarosi bilan bir samolyotda kelgan barcha yo‘lovchilar karantinga olingan. Ulardan 130 nafari o‘zbekistonliklar bo‘lib, ular uy sharoitida, 70 nafar chet ellik fuqaro mehmonxona sharoitida karantin o‘tamoqda.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksina virusning barcha shtammlari kabi “omikron”dan ham himoyalanishning eng samarali usulidir.  

– O‘zbek-xitoy vaksinasining birinchi dozasini qabul qilgan insonlarda  juda yaxshi immunitet hosil bo‘lgani kuzatildi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov.  – Keyingi va buster dozani olganlarda koronavirusga qarshi immunitet undan-da yaxshi shakllangani ko‘rindi. “Omikron” oldingi shtammlardan  bitta “s” oqsilidagi mutatsiyasi bilan farqlanadi. Qolgan 99,9 foiz antigen aktivligi avvalgi shtammlar bilan bir xil darajada. “Delta” va “Uxan” variantiga bizning o‘zbek-xitoy vaksinamiz juda katta samara bergan hamda  vaksina kuchi bu shtammga nisbatan ham 99,9 foiz samaraga ega.

– Biz kovid bilan kurashishda xalqaro tajriba, xalqaro hamkorlikka tayanayapmiz, xalqaro ilmiy izlanishlarni to‘liq amalga oshiryapmiz, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Xitoyning bu boradagi yutuqlarini bugungi kundagi raqamlar ko‘rsatib beryapti. 171 mamlakat ichida Xitoy kasallanish ko‘rsatkichi eng kam davlat hisoblanadi.  Bu esa Xitoyning bu boradagi izlanishlarida aniqlik borligi, haqqoniy natijalar berayotganini bildiradi.  Haqiqatdan ham qo‘shma vaksinamizning “omikron”ga to‘liq ta’sir qilishi isbotlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimovning so‘zlariga qaraganda, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi tarzda ta’lim olayotgan talabalarning 70 foizi koronavirusga qarshi ixtiyoriy tarzda emlangan. 24 yanvardan keyin ta’lim jarayonlari onlayn formatga o‘tkazilmaydi. Yakuniy nazorat imtihonlari o‘z vaqtida bo‘lib o‘tadi.

<iframe width="1904" height="768" src="https://www.youtube.com/embed/XS72As96Cjw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Mohigul Qosimova,
Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA