Xabar berganimizdek, joriy yilning 27 martida poytaxtimizda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro yarim marafoni hamda “Navro‘z” IV xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi.
Bugun Toshkentdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz majmuasida ushbu nufuzli sport anjumanlari oldidan ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda daxldor tashkilotlarning mutaxassis va mutasaddilari tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, bajarilgan vazifalar bo‘yicha hisobotlarni taqdim etdi.
“Humo Arena” hududidan boshlanadigan start chiziqlari, sportchilar harakatlanadigan yo‘nalishlarda xavfsizlikni ta’minlash, murabbiy va mutaxassislarning ish tizimi, translyatsiya jarayoni, tibbiy yordam ko‘rsatish nuqtalari, madaniy tadbir dasturi, tasvirga olish joylari alohida ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga zarur tavsiyalar berildi.
Muhokamalarda mazkur Toshkent marafonining nufuzi hamda xalqaro sport tashkilotlari tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, uni jahon miqyosida o‘tkazilayotgan sport marafonlari qatoridan o‘rin olishi uchun mustahkam zamin yaratish eng muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro yarim marafonida 2000 nafardan ziyod ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Unda 1-5 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. G‘olib va sovrindorlar shuningdek, medallar bilan taqdirlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA