Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda mandarinning sovuqqa chidamli navini tajriba sifatida ekish rejalashtirilmoqda
12:29 / 2022-03-14

Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borilmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya urug‘chilik, ko‘chatchilik va agronomlik bo‘yicha yetakchi kompaniyalar tajribasi bilan tanishish va malaka oshirish maqsadida Ispaniya mamlakatida bo‘lib turibdi. 

Agentlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifning dastlabki kunida Andalusiya provinsiyasining Kordova shahrida joylashgan Yevrosemilyas kompaniyasida bo‘ldi. Mazkur korxona urug‘chilik, ko‘chatchilik va soha uchun mutaxassislar tayyorlashda ilg‘or hisoblanadi. 



Yevrosemilyas kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv davomida mamlakatimizda korxona tajribasi asosida mandarin, zaytun, pista ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘z navbatida, agronomlar malakasini oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Korxona rahbari Xose Mariya Fontan yaqin kunlarda O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi. 

Delegatsiya a’zolari shuningdek, zaytun, mandarin, pista yetishtiriladigan bog‘larda bo‘lib, o‘ziga xos texnologiya, ish usuli, ko‘chatchilik borasidagi yangicha yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar. Vakillarimiz mandarinning sovuqqa chidamli navini O‘zbekistonda 5 gektar yer maydonida tajriba tariqasida ekishni rejalashtirmoqdalar.   

Mamlakatimiz vakillari Granada viloyatining Fuyenta Vakereos qishlog‘idagi sparja (sarsabil) yetishtirish bo‘yicha Yevropaning yetakchi korxonasi – Yesparrago de granada korxonasida ham bo‘ldilar. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, sparja – to‘qaylarda o‘sadigan dorivor o‘simlik. Yevropaning markaziy va janubiy qismida, Kavkazorti va shimoliy Kavkazda keng tarqalgan. Sabzavot sifatida ekiladi, uning yosh navdalari ovqatga solinadi. Tarkibida oqsil, uglevod, B, B2, RR vitaminlari mavjud. Sarsabil ekilgan maydonlardan 15 yilgacha gektaridan 30-35 sentnergacha hosil olish mumkin. Sarsabil  asparagus nomi bilan  manzarali o‘simlik sifatida ham o‘stiriladi. 

“Yesparrago de granada” korxonasi rahbari Alipio Archiniyega Lopez muloqot mobaynida bu mahsulotni O‘zbekiston sharoitida yetishtirish mumkinligini ta’kidlab, o‘zbek hamkasblariga sparja yetishtirish texnologiyasini berishini va ispanlar tayyor mahsulotning hammasini sotib olishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Mutaxassislarning qayd etishicha, sparjaning dunyo bozoridagi ulgurji narxi – 2 yevro. Yaqin kunlarda bu mahsulotning urug‘ini yurtimizga olib kelib, tajriba sifatida 1 gektar yer maydoniga ekish rejalashtirilmoqda.  

 
Muhtarama Komilova, O‘zA