Mamlakatimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Piskent tumani 79-sonli alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati ana shunday ezgu maqsad yo‘lida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda o‘quvchilarning nafaqat bilim darajasini oshirish, balki ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan.

Maktab-internatda hozir tikuvchilik, kulolchilik, duradgorlik kabi bir qator to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning har birida bolalar tajribali ustozlardan hunar sirlarini o‘rganishiga, ijodiy tafakkurini rivojlantirishga harakat qiladi.

Vladimir Vasilev 9-sinfda tahsil olmoqda. U kulolchilikka mehr qo‘ygan yoshlardan. Shu sabab, bu sohada o‘z iste’dodini muntazam ravishda rivojlantirib kelmoqda. Shu bilan birga bog‘dorchilikka ham qiziqadi, tabiat bilan uyg‘un yashashni yaxshi ko‘radi.

Joriy yilning 1-2 may kunlari respublika miqyosida o‘tkazilgan “Inson uchun” ko‘rgazmasida Vladimir o‘zining kulolchilik mahsulotlari bilan ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki maktab jamoasi uchun ham katta faxr bo‘ldi.
– Vladimir o‘zining fidoyiligi, ijodkorligi bilan ko‘pchilik bolalarga o‘rnak. Uning turli loyihalarda faol ishtiroki boshqa o‘quvchilarni ham ilhomlantiradi. Umuman olganda, har bolada o‘ziga yarasha iqtidorni ko‘raman. Uni shakllantirish va ommaga ko‘rsatishga yordam berish bizning burchimiz, – deydi maktab-internat direktori Dilfuza Usmonova.

Aytish joiz, Piskent tumani 79-sonli alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda hozirda 260 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ulardan 85 nafari qiz bolalar. Shuningdek, 17 nafar bolaga yakka tartibda, individual yondashuv asosida ta’lim berilmoqda.
Vladimirning esa tengdoshlari qatori orzulari ulkan. U ijodga chanqoq qalbi bilan kelajakda o‘z sohasining yetuk ustasi bo‘lishni maqsad qilgan.
A.Musayev, O‘zA.