Mamlakatimizda “Inson qadri” tamoyili asosida yuritilayotgan siyosat natijasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami tom ma’noda hayotining yangi bosqichini yashash imkoniga ega bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda nogironlikni belgilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zarur moslamalar bilan ta’minlash yo‘lida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yurtimizda ilk marotaba ishlab chiqarilgan bionik qo‘l protezi taqdimoti o‘tkazildi. Unda agentlik xodimlari, ommaviy axborot vositalari va birinchi marta ushbu protezdan foydalanayotgan bemorning yaqinlari ishtirok etdi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni zarur moslamalar bilan ta’minlash Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi 253-son qarori bilan tasdiqlangan “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 378-son qaroriga asosan davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan RTV va POM turlariga qo‘shimcha 8 ta mahsulot qo‘shilgan holda 38 taga yetkazildi.
Hozirgi kunga qadar mazkur yangi qo‘shilgan mahsulotlarning 7 turi bo‘yicha muhtoj shaxslar buyurtma berib, mahsulot bilan ta’minlanmoqda. Shundan bionik qo‘l protezlari bo‘yicha 19 ta buyurtma rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularni tayyorlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Qayd etish lozimki, ushbu bionik qo‘l protezlari O‘zbekistonda ilk bor ishlab chiqarilmoqda.
-Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvida aynan shu kabi mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishimiz lozimligi ta’kidlangan edi. Shundan so‘ng men bu ishga jamoam bilan jiddiy bel bog‘ladim,- deydi tadbirkor Mustafo Mingboyev.
Mazkur bionik qo‘l protezi bemor holatiga qarab, 45 milliondan 85 milliongacha baholanadi. Bugun ilk bemorimiz Gulchehra Hamroyevaga ushbu qo‘l protezini qo‘ydik. Endilikda Gulchehra opa bu orqali qo‘l harakatlarini bemalol amalga oshirish imkoniga egalar.
Tana boshqa dard bilmas deganlaridek, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning holatini doim ham anglayvermaymiz. Ayniqsa, ishlab turgan biror tana a’zomiz to‘satdan ishlamay qolsa, qanday ahvolga tushishimizni tasavvur ham qilolmasak kerak.
-Men ham hamma qatori turmush kechirar edim. Zavodda ishlar edim. Baxtsiz hodisa yuz berdi-yu, stanok o‘ng qo‘limning tirsagimga qadar bo‘lgan qismini yaroqsiz holatga keltirib qo‘ydi, - deydi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida yashovchi Gulchehra Hamroyeva. - Shundan so‘ng men butunlay ruhiy tushkunlikka tushib qoldim. Chunki mening ish qo‘lim aynan o‘ngi edi. Ochig‘ini aytganda, kelgusi hayotimni tasavvur qila olmasdim. Ammo tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari meni bu tubsizlikdan chiqarishda katta xizmat qilishdi. Ular mening yashashga bo‘lgan ishtiyoqimni oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdi. Quvonarlisi, bugun menga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan go‘yo qayta hayot berildi. Menga o‘rnatilgan ushbu qo‘l protezi orqali men yozishim, ovqatlanishim xullas qo‘l bajaradigan hamma harakatni amalga oshirishim mumkin ekan. Shu o‘rinda og‘ir damimda menga dalda bo‘lgan yaqinlarimga rahmat demoqchiman. Ayniqsa, Prezidentimizning imkoniyati cheklanganlarga bo‘lgan bu qadar e’tiboridan boshim osmonga yetdi. Endi men avvalgidek ishlashni, menga ko‘rsatilgan ko‘makni oqlashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
Muhtoj shaxslarga taqdim etiladigan protez reabilitatsiya vositalari yo‘nalishi mutaxassisi Ilhom Muhiddinovning ta’kidlashicha, nogironlarga taqdim etiladigan zarur moslama va jihozlar sonini kengaytirish aynan davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan amalga oshirilmoqda. Qolaversa, zarur protez va moslamalar yildan-yilga o‘rganishlar asosida soni kengayib boradi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi islohotlar markazida avvalo inson qadri alohida ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda ilk marotaba ishlab chiqarilgan bionik qo‘l protezining taqdimoti ham keng ommaning olqishiga sazovor bo‘ladi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Sherbek Islomov, O‘zA