Yurtimizda qish mavsumida energiya resurslariga bo‘lgan talabning keskin ortishi elektr va gaz ta’minoti tizimi oldiga yanada katta mas’uliyat yuklamokda. Aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, tizim uzluksiz va kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, so‘nggi kunlarda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha qayd etilgan ko‘rsatkichlar sohadagi real holatni yaqqol aks ettirmoqda.
Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimovaning xabar berishicha, o‘tgan hafta oxirida yurtimizda elektr energiyasining sutkalik iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etilgan.
–Xususan, 2026 yil 24 yanvar kuni elektr energiyasi sutkalik iste’molining tarixiy maksimal darajasi yangilandi, – dedi D.Hoshimova. – Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, kunlik umumiy iste’mol 283 million kVt·soatni tashkil etdi.
Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2025 yilning qish mavsumida eng yuqori sutkalik iste’mol 11 yanvar kuni kuzatilib, 271,8 million kVt·soatni tashkil etgan edi. Shuningdek, 2025 yilning yoz mavsumida, jumladan, iyul oyida elektr energiyasi sutkalik iste’molining eng yuqori ko‘rsatkichi 272,6 mln kVt·soatga yetgan. Tezkor ma’lumotga asosan o‘tgan shanba kuni bu rekord yangilanib, 283 million kVt·soat bo‘ldi.
Kecha, 25 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 264,2 million kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Respublika iste’molchilariga 246,9 million kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Tabiiy gaz iste’moli 144,7 million metr kubni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish-kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun kunlik 1,5 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi. Xususan, tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan (ASKUG) olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun jami 81 ming 813 metr kub tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari uchun 2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109% ko‘p) suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi, 500 tonna yetkazib berildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi suyultirilgan gaz zaxirasi 2 tonnaga oshib, 6,7 ming tonnaga yetdi.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Tizimda 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ish olib borilmoqda. Elektr va gaz ta’minoti korxonalarida jami 1 ming 479 ta maxsus brigada tashkil etilgan, ushbu brigadalar tarkibida 7 ming 596 nafar ishchi-xodim joylarda kechayu kunduz faoliyat yuritib bormoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA