Ayni kunda yurtimiz bo‘ylab surunkali yog‘ingarchilik kuzatilmoqda.
O‘zA muxbiri ushbu holatning iqtisodiyotga ijobiy va salbiy jihatini o‘rganish uchun mutaxassis bilan bog‘landi.
Hozirda kuzatilayotgan davomli yog‘ingarchilikning ijobiy va salbiy tomonlari qanday?
Janubiy Dehqonchilik ITI, Tuproqshunoslik va Agrokimyo laboratoriyasi mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shuhrat Jumayev:
– Mart oyining dastlabki o‘n kunligida ketma - ket yog‘ingarchiliklar hisobiga 15 mm atrofida yog‘in yog‘di. Shuningdek, kunlik haroratning ko‘tarilishi bahor faslini o‘zgacha shakllanayotganligidan dalolat beryapti. 8-9-10 mart kunlari sug‘orilgan yerlarda tuproqning 10 sm chuqurligida harorat o‘rtacha 7 darajani ko‘rsatdi. Ya’ni ertalab soat 5 da 6 °S kech soat 17 da 8 °S darajaga teng bo‘lgan.
Bu holatning ijobiy tomoniga to‘xtalsak, mazkur hodisa parvarishlanayotgan boshoqli ekinlar hamda lalmikor hududlardagi qishloq xo‘jalik ekinlarini o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.
Tuproq yuzasi namga to‘yinadi, suv omborlariga suv yig‘iladi.
Qir adirlar suv bilan sug‘orilib, o‘t maysalar o‘sishi jadallashadi. Oqibatda mayda va yirik shoxli chorva mollari maysaga to‘yadi.
Ammo, surunkali yog‘ingarchilikning ijobiy tarafidan salbiy jihati ko‘proq.
Masalan, g‘alla maydonlari azotli o‘g‘itlar bilan oziqlangan bo‘lsa rivoji tezlashadi, ammo oziqlantirilmagan bo‘lsa, yetarli suv bo‘lsa-da ozuqani yetarli bo‘lmaganligi sabab g‘alla nihollarini rivoji susayadi. Unib o‘sishga quvvat yetmaganidan sarg‘ayib qoladi.
Namlikni yuqoriligi va haroratning ham yuqorilab ketgani bois, g‘alla ekini dalalarida zarari yuqori bo‘lgan sariq zang kasalligini keng tarqalishiga sharoit yaratiladi.
Ketma-ket yog‘in yog‘ishi hisobiga bahorgi dalada bajariladigan agrotexnik tadbirlar, yer tekislash, mola bosish va pushta olish ishlari kechikadi.
Natijada, tuproqning tabiiy namligiga chigit ekib ko‘chat oladigan hududlarda maqbul chigit ekish muddatlari (20-31 mart) kechikishi mumkin.
Qolaversa, tuproqdagi ortiqcha namlik hisobiga mola bosish paytida yer zichlashadi, natijada yosh nihollar ildizi rivojlanishi susayishi hisobiga nihol rivoji orqada qoladi.
Pushta sug‘orib “zapas” suvi hisobiga chigit undirib oladigan hududlarda texnikalarni yerga kirishi qiyin bo‘lganligi sabab yer tekislash, pushta olish pushtani sug‘orish, ekish oldi yerni ishlash (boronalash) va ekish ishlarini maqbul muddatlari (1-10 aprel) kechikadi.
Erta bahordagi yetarli namlik va nisbatan issiq ob-havo begona o‘tlarni jadal rivojlanishini ta’minlaydi.
Tirik holda qishlaydigan hasharotlar (kugi tunlam, yovvoyi tunlam, fitonomus, va boshqalar) rivoji tezlashib, ertachi g‘umbakka aylanishi va ertachi g‘o‘zalarga va boshqa poliz va sabzavot ekinlariga zarari ham ko‘payadi.
O‘zA muxbiri Maftuna Karimova suhbatlashdi.