Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizda aholining yagona elektron tibbiy kartasi yaratildi
15:29 / 2025-11-13

Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy raqamli yechimlar asosida takomillashtirish, tibbiy xizmatlarni aholi uchun qulay va shaffof qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.

Axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali shifokorlar faoliyati samaradorligi oshirilmoqda, fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona elektron bazada jamlanmoqda. Bu esa sohadagi barcha jarayonlarni raqamlashtirish, ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish hamda har bir insonning sog‘lig‘ini nazorat qilishda yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.  

Xususan, shu yilning o‘tgan davrida 20 dan ortiq modulni o‘z ichiga olgan DMED yagona elektron axborot tizimi yaratilib, 36 milliondan ortiq aholining tibbiy ma’lumotlari dastur bazasiga kiritildi va yurtdoshlarimizning yagona elektron tibbiy kartasi (MED-ID) shakllantirildi. 40 ga yaqin klinik yo‘nalish bo‘yicha 400 dan ortiq protokol va davolash standartlari orqali tashxislash yo‘lga qo‘yildi.  

Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, Yunusobod tumanida tajriba-sinov tariqasida “Elektron retsept” tizimi to‘liq ishga tushirildi. Ushbu tizim orqali kontrafakt, sifatsiz, qalbaki dori vositalarini realizatsiya qilish holatlarining oldi olinadi.

DARMON va DMED axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi orqali 3 100 dan ortiq retseptli va retseptsiz dori vositalarining avtomatik yangilanadigan elektron ro‘yxati shakllantirildi.

Tumandagi 20 dan ortiq davlat, 200 ga yaqin xususiy tibbiyot muassasasi hamda 190 dan ziyod dorixona DMED platformasiga ulandi. Tuman tibbiyot muassasalarida dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha elektron retsept yozish tizimi joriy etildi.

Shu tufayli Yunusobodda bemorlarga ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi. Yunusobod tumani tajribasi asosida butun respublika bo‘yicha 12 mingta dorixonaning 8 mingdan ortig‘i, ya’ni 66 foizi qamrab olindi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarida 70 dan ortiq qog‘oz shaklidagi jurnal, blanka va ma’lumotnomalardan to‘liq voz kechilishi hisobiga shifokorlar ish yuklamasi 30 foizga yengillashdi.

Laboratoriya tahlillari 3-5 daqiqada avtomik ravishda tizimda elektron shakllantirilib, natijalarni olish 24 soatga qisqardi.

Binobarin, Sog‘liqni saqlash vazirligida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tashkil etilishi natijasida tibbiy muassasalardan shaffof va ishonchli ma’lumotlarni markazlashgan holda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish hamda analitik xizmatlar ko‘rsatish imkoni yaratildi.

Tizimdagi 560 mingdan ziyod xodimlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritish avtomatlashtirildi. Ilgari fuqarolarni sarson qilgan qog‘oz shaklidagi 28 ta ma’lumotnoma elektronlashtirilib, ularni inson omilisiz berish yo‘lga qo‘yildi.

Bu kabi islohotlar aholiga jahon standartlari darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatish va sohani xalqchil tizimga aylantirish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA