Joriy yilning 1 noyabr holati bo‘yicha yurtimizda 12 ming 658 ta dorixona va dorixona shoxobchalari, 58 ta dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar, 113 ta dori vositalari tayyorlovchi hamda 464 ta dori vositalarini ulgurji sotuvchi tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
“Dori-darmon” AJ ana shunday yirik ulgurji va chakana ta’minotchilardan biri hisoblanadi.
Kompaniya tomonidan o‘tkazilgan brifingda qayd etilganidek, u Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi va boshqa davolash-profilaktika muassasalarining asosiy hamkorlaridan biridir.
Kompaniya tomonidan 2025 yilning dastlabki 9 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli tibbiyot muassasalariga 87,5 mlrd. so‘m, xususiy korxonalarga 13,5 mlrd. so‘m, QVP va QOPlarga 62,5 mlrd. so‘m, harbiy davolash muassasalariga 1 mlrd. so‘m hamda boshqa tibbiy muassasalarga 29,1 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazib berildi:
Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi 204-son qaroriga muvofiq, ambulatoriya sharoitida imtiyozli dori olish huquqiga ega 14 toifadagi shaxslarga kompaniya dorixonalari orqali 2025 yilning 9 oyida 26 mlrd. 614 mln. so‘mdan ortiq dori vositalari bepul berildi. Shuningdek, Prezidentning 2024 yil 5 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yil oxirigacha bir qator hududlarda, 2026 yil yakuniga qadar esa butun mamlakat bo‘ylab elektron dorixona tizimini joriy etish belgilangani qayd etildi.
Ayni vaqtda kompaniya va uning tizimidagi jamiyatlarga qarashli 426 ta dorixona reimbursatsiya dasturi bo‘yicha faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi. Ulardan: Sirdaryo – 44, Buxoro – 102, Xorazm – 52, Navoiy – 29, Qashqadaryo – 48, Qoraqalpog‘iston – 36, Samarqand – 61, Toshkent shahrida 54 ta.
2025 yilning to‘qqiz oyida reimbursatsiya tizimi orqali bemorlarga 14 mlrd. 155 mln. so‘mlik dori vositalari elektron retsept asosida bepul berildi. Dastur doirasida gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, 2-tur qandli diabet, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan dispanser ro‘yxatida turgan bemorlarga 28 turdagi dori vositasi ajratilmoqda.
Kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi 2025 yilning 9 oyida 369,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Shundan ulgurji aylanma – 211,2 mlrd so‘m, chakana savdo aylanmasi esa – 178,7 mlrd. so‘m.
Tadbir davomida jurnalistlar kompaniyaning faoliyati va loyihalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA