Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz ravnaqi, do‘stligimiz mustahkamligi yo‘lida
17:25 / 2021-12-20

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-18 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi.

O‘ziga xos tarixiy voqeaga aylangan mazkur tashrif doirasida qabul qilingan qarorlar, erishilgan kelishuvlar alohida strategik sheriklik munosabatini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

O‘zA muxbiri hamyurtlarimizning ayni mavzuga oid fikrlari bilan qiziqdi.
   
Rustambek Qurbonov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi:

- Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi yuksak darajada o‘tganiga guvohmiz. Muhimi, ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi o‘ta samimiy, ishonchli munosabat davlatlarimizning istiqbolli kelajagidan darak bermoqda. Yurtimizda 130 dan ortiq millat, elat vakillari yashaydi. O‘zbekistonda, jumladan, bugungi kunda 175 mingdan ziyod koreys istiqomat qiladi. Ular o‘z sadoqatli mehnati bilan respublikamiz rivojiga katta hissa qo‘shib kelyapti.

2022 yilda koreys xalqining O‘zbekistonga ko‘chirib kelinganining 85 yilligi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Qo‘mitamiz bu anjumanlarga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Koreyslar o‘zbek xalqi bilan bir oiladek ahil, inoq hayot kechirib kelmoqda. Poytaxtimizning «Do‘stlik bog‘i»da koreys xalqi nomidan o‘zbek xalqiga minnatdorlik haykali o‘rnatilgani bunga yaqqol misol.
Aksariyat koreyslar o‘zbek tilini yaxshi bilishadi. Bizning urf-odatimiz, kattalarga hurmat, o‘zaro muomala madaniyati, mehnatsevarlik kabi qadriyatlarimiz o‘xshash. Ikki Prezident imzolagan hujjatlar mamlakatlarimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

Vitaliy Kim, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari:
- Biz kuchli hayajon bilan Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi tafsilotlarini kuzatdik. Uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlardan ham O‘zbekiston fuqarosi, ham koreys millati vakili sifatida xursandmiz. Albatta, mamlakatlarimiz salohiyati yuqori va bunday tashriflar orqali ko‘plab tashabbuslar amalga oshadi. O‘zbekistonda barcha millat vakillari uchun qulay sharoit yaratib berilgan. Masalan, deputatlikka nomzodimni qo‘yganimda menga juda ko‘p saylovchi ovoz bergan. Bunday sharafga muyassar bo‘lganimdan cheksiz baxtliman. Koreyaga borsam 4-5 kunda uyimga – jonajon O‘zbekistonimga qaytgim kelib qoladi. Yurtimni sog‘inib qolaman, chunki kichik vatanimiz Koreya bo‘lgani bilan, biz uchun muqaddas yerimiz, asl Vatanimiz - O‘zbekiston. Navbatdagi muhim tashrif yakuniga ko‘ra imzolangan hujjatlar ijrosi yuzasidan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi. Biz ham, o‘z navbatda, mana shu vazifalarni bajarishga bor kuch, imkoniyatimizni yo‘naltiramiz.

Yekaterina Kan, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi faoli:
- Men shu zaminda tug‘ilganman. O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stona munosabat izchil ravnaq topishi men uchun g‘oyat muhim. Keyingi yillarda jonajon O‘zbekistonimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari shu diyorda istiqomat etayotgan barcha fuqarolar hayotida yorqin aks etmoqda. Odamlarning o‘z turmushidan roziligi, mamnunligi tuyg‘usi tobora ortmoqda. Ayni payt xalqaro munosabatlarda ham tub burilish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarni butun jahon e’tirof etmoqda. Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini diqqat va hayajon bilan kuzatdik. Bu tarixiy ahamiyatga ega tashrif. Negaki, bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar doirasida xalqlarimiz ijtimoiy himoyasiga oid sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi muhim sohalar bo‘yicha muhim kelishuvlar, davlat ahamiyatiga molik hujjatlar imzolandi. 

Men ham onaman, asli kasbim - pedagog. Demak, farzandlarimiz sifatli ta’lim olishi, sog‘-salomat bo‘lishi men uchun g‘oyat muhim. Hozir O‘zbekiston – Koreya do‘stligi natijasi sifatida poytaxtimizda bunyod etilgan yirik  ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot-diagnostika markazida huquqshunos bo‘lib ishlayapman. Endi maskanda kattalar uchun ham klinika qurilyapti. Kelajakda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan hamyurtlarimiz bu yerga kelib, o‘z dardiga shifo topishi imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekistonda Koreyaning bir necha  universiteti filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlarning bari xalqimiz, jonajon O‘zbekistonimiz fuqarolari yanada farovon, ma’rifatli, baxtiyor yashashi uchun qaratilgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan amaliy g‘amxo‘rlik namunasidir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi esa ikki davlat taraqqiyotida yangi-yangi istiqboli sahifalar ochishi shubhasiz.
                    
 

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.