Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz pahlavonlari jam bo‘ldi
11:30 / 2025-12-30

Yangi yil bayrami arafasida Andijon viloyati Marhamat tumanida Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi, Marhamat tumani hokimligi hamkorligida tumandagi 3-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati sport zali hamda Muhammad Yusuf nomidagi tuman markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan musobaqalar qiziqarli bahslarga boy, haqiqiy sport bayramiga aylandi. 

– Kubok bahslari yuqori saviyada o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi ijrochi direktori Shodilbek Ergashev. – Musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yurtimiz viloyatlaridan tashrif buyurgan 150 nafarga yaqin pahlavonlar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi. 

Yurtimiz polvonlari turli og‘irlikdagi toshlarni ko‘tarish, shuningdek,  yuklar solingan arava hamda maxsus jihozni belgilangan masofaga olib borish singari murakkab mashqlarni tez va belgilangan shartlar asosida bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyat hamda mahoratlarini namoyish etdi. 

Tosh ko‘tarish musobaqalari ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. 

Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib deb topilgan pahlavonlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 

Ushbu musobaqalar yurtimizda milliy sport o‘yinlarini rivojlantirish, kuch, matonat va bahodirlik fazilatlarini namoyon etuvchi sport turlarini ommalashtirish, keng targ‘ib etishga xizmat qilish bilan birga, tuman aholisi va mehmonlariga bayramona kayfiyat ulashdi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari