Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz muzey eksponatlari Xanchjou shahridagi ko‘rgazmada namoyish etiladi
16:35 / 2023-08-30

Xanchjou shahridagi Xitoy milliy ipak muzeyida Osiyo va Tinch okeani uyushmasining Xalqaro muzeylar kengashi ko‘magida XIX Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlangan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari” ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmatiga ko‘ra, Xitoy milliy ipak muzeyi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Xanchjoudagi G‘arbiy ko‘l yonida joylashgan. Muzeyning ko‘rgazma maydoni taxminan 1200 kvadrat metrni tashkil etadi. Mazkur muzey Xitoydagi qariyb 6 ming muzey orasida 9-o‘rinni egallaydi.  

Ko‘rgazmada Osiyoning turli mintaqalaridan 150 ga yaqin liboslar taqdim etiladi. Shuningdek, bosma, to‘quvchilik va kashtachilikning qadimiy uslubi vorislari bo‘lgan bir guruh hunarmandlar ham taklif etiladi.  

Ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad Osiyo mamlakatlari madaniyatining bir-birlariga o‘zaro ta’siri, ularning quruqlik va dengiz ipak yo‘li orqali o‘zaro  madaniy muloqotini namoyish etishdan iborat.  

Mamlakatimiz ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va Samarqand muzey-qo‘riqxonasi sara to‘plamlariga mansub 20 ta muzey eksponatini taqdim etadi.  

Xanchjoudagi ko‘rgazmada an’anaviy o‘zbek so‘zanalari, chopon va zargarlik buyumlari namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan an’anaviy san’atning eng yaxshi namunalarini tomosha qilishlari mumkin.  

26 sentyabr kuni esa Xanchjou shahrida betakror o‘zbek gazlamalarini an’anaviy ishlab chiqarish jarayoni namoyish etiladigan “O‘zbekiston oqshomi” tadbiri bo‘lib o‘tadi.  

Shu kabi imkoniyat va tashabbuslar sharofati bilan O‘zbekiston o‘zining boy madaniyati va tarixiy merosini xalqaro jamoatchilikka namoyish eta oladi.  

"Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari" ko‘rgazmasi anjumanida taqdim etiladigan O‘zbekiston muzeylari eksponatlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magi bilan tashkil etilmoqda.  

Ushbu ko‘rgazma Xanchjou shahrida joriy yilning 2 sentyabrida ochilib, 2023 yilning 12 noyabriga qadar davom etadi.  

N.Usmonova, O‘zA