Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz maktablarida Finlyandiya ta’lim tizimi joriy etiladi
15:32 / 2022-11-02

Mamlakatimizda xalq ta’limi tizimiga xalqaro tajribalarni keng joriy qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xalqaro ekspertlar va mahalliy amaliyotchi o‘qituvchilar ishtirokida Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Maktablarda “Klett”, “Kembridj Yuniversiti Press” kabi nashriyotlarining xalqaro tan olingan mahalliylashtirilgan darsliklari bilan bir qatorda milliy qadriyatlarga asoslangan zamonaviy darsliklarni joriy etish boshlandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim sohasida ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ishchi guruh faoliyati doirasida hozirda Finlyandiya tajribasini yurtimizga keng joriy etish, shu bilan birga ijtimoiy va milliy komponent fanlarida xalqimiz qadriyatlari va an’analariga xos bo‘lgan dastur va darsliklarni joriy qilish ishlari olib borilmoqda.  

Ma’lumki, davlatimiz rahbari joriy yilning 8 oktyabrida Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida ta’lim sohasida qilinishi kerak bo‘lgan kelgusi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tar ekan, Finlyandiya ta’limi dunyoda raqobatga chidamli tizim ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi. E’lon qilingan maxsus “talim2023” aloqa kanallari orqali ta’lim tizimini isloh qilishda faol ishtirok etish istagini bildirgan 6 mingga yaqin o‘qituvchining arizalari qabul qilindi.  

“Talim2023” aloqa kanallariga kelib tushgan 6 minga yaqin o‘qituvchi murojaatlari tahlil qilinib, eng ko‘p arizalar jo‘natgan, respublikaning 14 ta hududidagi maktablar tanlab olindi. Ushbu maktablarda 2023 yil yanvar oyidan 1-4 sinflarda Finlyandiya mas’ul idoralari tomonidan sifat belgisi bilan qayd etilgan zamonaviy darsliklarning aprobatsiyasi o‘tkaziladi va unda 4 ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etishi kutilmoqda.  

Ayni vaqtda Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 134-umumta’lim maktabida Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari boshlangan. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘quv darslari ushbu ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda.  

Tajriba-sinovda ishtirok etadigan maktablar va ularning o‘qituvchilari bilan keyingi 2 oy davomida alohida dastur asosida ishlar olib boriladi. Mazkur ishlarning birinchi bosqichi sifatida 139 ta boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 4-9 noyabr kunlari maxsus malaka oshirish kurslari Toshkent shahrida tashkil etiladi.  

Shuningdek, kelgusi yil yanvar oyidan boshlab, respublikamizning har bir hududida “Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy ta’lim” shiori ostida yirik anjumanlar tashkil etib boriladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA