Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz jome masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qildi
11:04 / 2025-06-06

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Erta tongdan minglab jome masjidlarda hayit namozlari o‘qildi. Yurtdoshlarimiz masjidlarda jam bo‘lib, bayram namozini ado etdilar, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida duolar qilib, bir-birlarini qutladilar.

Bayramning o‘ziga xos shukuhi butun mamlakat bo‘ylab sezilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA jamoasining hududlardagi vakillari tomonidan uzatilayotgan xabar va fotolavhalarda yurtdoshlarimizning yuz-ko‘zidan aks etayotgan bayramona kayfiyat, faxr va minnatdorlik tuyg‘ulari yorqin ifodasini topmoqda.

Kuni kecha e’lon qilingan Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigida ham keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynayotgani ta’kidlandi.

Shunday saodatli kunlarda yana bir muhim jihat butun xalqimiz qalbini faxr va havas bilan to‘ldirdi — 15 ming nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi muqaddas Makka va Madina shaharlarida Haj amallarini ado etmoqda.  

Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda davlatimiz rahbari o‘z tabrigida ularni ham yodga olib, samimiy qutladi. Yaratgandan hojilarimizning sog‘-salomat, haj amalini to‘liq ado etgan holda Vatanga eson-omon qaytishlarini so‘radi.

[gallery-23797]

"Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar", — deyiladi tabrikda.

Bugungi kunda dunyo tobora murakkab va tahlikali tus olayotgani barchamizga ayon. Bu holatni qayd etar ekan, O‘zbekiston yetakchisi xalqimizning eng ulug‘ fazilatlari — mehr-oqibat, o‘zaro hamjihatlik va jipslik aynan mana shunday sinovli davrlarda bebaho kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi: "Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.

Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.

Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman".

Bayram kayfiyatiga yana bir tarixiy voqea o‘ziga xos zavq bag‘ishladi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tarixiy yo‘llanma Abu-Dabidagi "Al-Nahayan" stadionida mezbon BAA terma jamoasi bilan bo‘lgan bahsda qo‘lga kiritildi. Unda yurtdoshlarimiz 0:0 hisobida durang o‘ynab, jahon chempionatiga chiqish uchun yetarli natijaga erishdi.

2026 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi.

Shunday qilib, Qurbon hayiti — bu yil nafaqat diniy-ma’naviy ahamiyati, balki xalqimizning birligi va xalqaro maydondagi yutuqlari bilan ham tarixga muhrlanmoqda. Bu ezgu kunlarda har bir yurtdosh qalbida faxr, umid va ishonch uyg‘onmoqda — ertangi kun, Yangi O‘zbekiston yanada porloq bo‘lishiga bo‘lgan ishonch.

Umidjon Qurbonov, O‘zA