FOTOREPORTAJ
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iordaniyalik xalqaro fotosurat ustasi Abdurahmon Valid Savalhaning “O‘zbekiston — arab fotoijodkori nigohida” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma uzoq asrlik tarixga ega bo‘lgan ikki buyuk madaniyat — o‘zbek va arab xalqlari o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Ekspozitsiyada muallifning so‘nggi yillardagi ijodiy izlanishlari samarasi bo‘lgan 100 dan ortiq sara fotoasarlari namoyish etilmoqda. Suratlarda mamlakatimizning betakror qiyofasi, Yangi O‘zbekiston ruhi, me’moriy merosi, tarixiy obidalari hamda tabiat manzaralarining noyob va ta’sirchan ko‘rinishlari aks etgan. Ularda nafaqat manzaralar, balki o‘zbek xalqining mehr-oqibati, samimiyati va qadim tarix nafasi mujassam. Tomoshabin yurtimiz qiyofasini mutlaqo boshqacha — o‘zga madaniyat vakilining hayratga to‘la nigohi orqali qayta kashf etadi.
Abdurahmon Valid Savalha o‘z ijodida nafaqat go‘zallik, balki global muammolarni ham yuksak badiiy ifoda orqali namoyon etadi. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan “Mo‘ynoq: Orol fojiasi” turkumidagi suratlar insoniyatning tabiatga munosabati haqida chuqur mushohada yuritishga chorlaydi. Orol dengizining qurigan hududidagi kemalar qabristoni o‘tmish va bugun o‘rtasidagi og‘riqli to‘qnashuv timsoli sifatida gavdalangan.
— O‘zbekiston fotoijodkorlar uchun bebaho xazina. Bu yerdagi ranglar jilosi va odamlarning ichki dunyosi meni ilhomlantiradi. Bugungi ko‘rgazma — mening o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmatim va muhabbatim ifodasidir, - deydi fotosurat ustasi.
Abdurahmon Valid Savalha Buyuk Britaniyaning London shahridagi Central Saint Martins san’at va dizayn maktabida “Art and Photography” yo‘nalishida tahsil olgan. 2019 yildan buyon O‘zbekistonda yashab, samarali ijod qilib kelmoqda. Qariyb 35 yillik faoliyati davomida u Shveysariyaning Federation Internationale de l’Art Photographique (FIAP), Niderlandiyaning World Press Photo, Arab fotosuratlar instituti hamda Arab fotograflari uyushmasi a’zosi sifatida tan olingan.
[gallery-27410]
2004 yilda YUNESKOning taniqli shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Xalqaro 35 Awards tanlovi talqiniga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi 100 nafar landshaft fotografi qatoriga kirgan. 2021 yilda esa Arab fotografiya instituti tomonidan madaniyat va san’atga qo‘shgan hissasi uchun “Yil odami” deb e’tirof etilgan.
Fotoijodkorning mazkur ko‘rgazmasi san’at ixlosmandlari, shuningdek, yurtimiz tarixi va buguniga befarq bo‘lmagan barcha tomoshabinlar uchun manzur. Toshkent Fotosuratlar uyi 8 fevralga qadar barchani ushbu ijod olamiga sayohat qilishga chorlaydi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA