Yurtimiz ijodkorlari Anqaradagi ko‘rgazmada ishtirok etdi
Mamlakatimiz rassomlari Turkiyaning Anqara shahrida “Merosning yo‘lchilari. Bobo Naqqosh izidan" nomli ko‘rgazmada ishtirok etdi.
XV asrda Samarqanddan Istanbulga borib ijod qilgan Bobo Naqqosh uslubini davom ettirish va uni yanada keng tanitish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 32 nafar rassom ijodiy ishlari o‘rin egallagan bo‘lib, ulardan 5 nafari o‘zbekistonlik yosh ijodkorlar.

Jumladan, ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchisi Baxtiyor Dedashev, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi xodimlari - Saida Jalilova, Sherzod Arifboyev hamda Mahfuza Yo‘ldosheva, Sa’diya Faxriddinova o‘z asarlari bilan qatnashdi.

Kelgusida bu loyiha doirasida O‘zbekistonda ham mumtoz san’at uslubidagi asarlar ko‘rgazmasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA