English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman
15:22 / 2020-06-16

Shuningdek, viloyat teleradiokompaniyasining “Kun mavzusi” koʻrsatuvida jonli muloqot uyushtirildi.


Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri raisligida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etishdagi muammolar va ularning yechimiga bagʻishlangan videoselektor boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlikning boshqarma boshligʻi G.Marufova boshchiligida tuman, shahar, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarining masʼul xodimlari ishtirokida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida Obod mahalla, Obod koʻcha, Obod xonadon mezonlarini xalqimizga tushuntirish-targʻibot ishlarini amalga oshirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Shuningdek, viloyat teleradiokompaniyasining “Kun mavzusi” koʻrsatuvida jonli muloqot uyushtirildi. Yaratilgan mexanizm asosida hududlarda tuzilgan “Keksalar jamoatchilik” kengashlari ham ushbu dolzarb oylikda oʻz murojaatlarini barcha mahallalarga yetkazish ishlariga kirishdi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi kuchaytirildi.

Taʼkidlash joizki, mehnat vazirligi va uning quyi tizimlari fuqarolarni ish bilan taʼminlashda, tomorqadan unumli foydalanishda “Ustoz-shogird” anʼanasini davom ettirgan holda yangi ish oʻrinlarini yaratilishida koʻmak bermoqda. Shuningdek, Iqtisodiyot va kambagʻallikni kamaytirish vazirligi vakillari tomonidan imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish borasidagi ishlarni tashkillashtirmoqda. Arxitektura va qurilish boshqarmalari tomonidan “Zamonaviy xonadon” loyihasi doirasida ishlar tashkil qilish, tuman va shaharlardagi sektor rahbarlari bilan hamkorlikda qurilish-taʼmirlash ishlarini tashkillashtirish ishlari boshlandi.

– Barchaga maʼlumki, joriy yilning iyun-avgust oylarida butun mamlakatimiz boʻylab “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida tadbirlar amalga oshiriladi – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Buxoro viloyati Jondor tuman boʻlimi boshligʻi R.Saʼdullayev. – Shu jumladan, tumanimizning barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida ham ushbu xayrli tadbirni yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida shtab tashkil qilingan. 

Maqsad, mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning uy-joylari oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etishdan iborat. Shtab aʼzolari tomonidan oʻrganish natijasida aniqlangan 52 ta mahallada “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida xonadonlarda amalga oshiriladigan 49 banddan iborat chora-tadbir dasturi ishlab chiqildi. Ayni kunda xonadonlar va koʻchalarni obod hamda koʻrkam qilish boʻyicha ishlar boshlandi.

Tumandagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻini “Nurafshon” koʻchasida “Obod xonadon” aksiyasi doirasida qator amaliy ishlar boʻlayotganini guvohi boʻldik.

Mazkur koʻchaning 83-xonadonida uch nafar farzandni tarbiyalab kelayotgan er-xotin nogiron Muhammadali Afzalov istiqomat qiladi. Mahalla fidoiylarining saʼy-harakati tufayli mazkur xonadonning tashqi qismi zamonaviy koʻrinishga, darvoza, eshik va romlari yangilanadigan, uyning pol va shift qismlari kapital taʼmirlanadigan boʻldi. Bunday xayrli tadbirda begʻaraz yordamni “Zulfiqor Islom” masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari Farrux Shirinov koʻrsatmoqda.

– Oilamizda ota-onam 1-guruh nogironi hisoblanadi, – deydi Nozik Afzalova. – Ikki nafar singlim bilan maktabda oʻqiymiz. Uyimizda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda, bundan gʻoyatda mamnunmiz. Ota-onam va ukalarim nomidan bizga gʻamxoʻrlik qilayotgan barcha rahbarlarga minnatdorlik bildiramiz.

Shuningdek, Nurafshon koʻchasi 84-uyda istiqomat qiladigan Kamol Hamroyev, shu koʻchaning 81-uyida istiqomat qiladigan Mavluda Abzalova xonadoniga ham koʻmak koʻrsatildi.

Respublika ishchi guruh aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshligʻi Gulnora Marufova va Nazarov Javlonbeklar Jondor tumanida “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, oʻzining zaruriy tavsiyalarini berdi.

Darhaqiqat, Jondor tumanida bugungi kunda barcha mahallalar obod goʻshalarga, koʻrkam maskanlarga aylanmoqda. Mahallalarda namunaviy xonadon va koʻchalar soni ortib bormoqda. Natijada esa odamlarimizning oʻz hayotiga boʻlgan ishonchi yuksalib, yashashga, kelajakka boʻlgan intilishi kuchaymoqda. Obodlik bor joyda, fayzu baraka, rivojlanish boʻladi.

Dilfuza MUSTAFOYEVA,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi
Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari