O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yangi O‘zbekistonning tinchligi, farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” umumiy shiori ostida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati mas’ul xodimlari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi faollari, deputatlar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Yurtimiz tinchligini asrash, farovonligi va obodligini ta’minlash, ekstremizm va terrorizm illatlariga qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Bu kabi muammolarni bartaraf etish yuzasidan jamoatchilik fikri va takliflarini o‘rganishga, natijasi bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga e’tibor qaratilishi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda butun insoniyat tinchligiga rahna solayotgan terrorizm, ekstremizm, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ishsizlik, qashshoqlik singari global muammolar kuchayib borayotgan bir davrda yosh avlod ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirish dolzarb vazifa sanaladi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham mamlakatimiz kelajagi sog‘lom va har tomonlama uyg‘un rivojlangan yoshlar qo‘lida, deb hisoblaydi. Dunyoning turli mintaqalarida uchrayotgan ziddiyatlar, beqarorlik va ixtiloflar davom etayotgan bir sharoitda biz yoshlarimizni, o‘z farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishimiz zarurligini yoddan chiqarmasligimiz kerak. Partiya Ustavida belgilangan O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, huquqiy-demokratik davlat barpo etish borasida Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlarni tarbiyalash, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, do‘stlik va hamjihatlikni rivojlantirish, ekstremizm, terrorizm ko‘rinishlariga qarshi kurash olib borish, dinlararo bag‘rikenglik, tinchlik va barqarorlikni targ‘ib qilish maqsadida hududlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
[gallery-6763]
Partiya tomonidan “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida!”, “Farzandlari sog‘lom yurt – qudratli bo‘lur”, “Birgalikda yuksak huquqiy madaniyat sari” kabi ijtimoiy loyihalar amaliyotga tatbiq qilinib, ular doirasida yoshlar o‘rtasida turli aksiyalar, davra suhbatlari, ko‘rik-tanlov va seminarlar o‘tkazib kelinayotgani alohida qayd etildi.
So‘ng partiya faollari “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida Ellikqal’a tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabi atrofiga ko‘chat ekish tadbiri va “Barkamol avlod” bolalar maktablari o‘quvchilari tomonidan tashkillashtirilgan “Tinchlik — mening nigohimda” rasmlar ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Tadbir doirasida bir guruh ijodkor yoshlar partiyaning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Yangi O‘zbekistonning tinchligi, farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” umumiy shiori ostidagi uchrashuv san’atkorlar ishtirokida tinchlikni tarannum etuvchi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA