Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt tilsimlari: Xoja Ubbon Ibn Usmon Ibn Affon ziyoratgohi (+video)
14:25 / 2024-06-03

Romitan qadimiy va salohiyatli hudud, uning ilk tarixi afsonaviy hukmdor Afrosiyobga borib taqaladi.

O‘tgan asrlarda o‘tgan ulug‘ avliyolar Xoja Ubbon, Xoja Za’faron, Hazrat Bobo Laqlaqag‘iy - Xoja Hazrat Niyoz Xorazmiy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Boboyi Samosiy, Hakim Mulla Mir hazratlari, Choriqulboy kabi saxovatpesha insonlari bilan mashhur. O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov, xalqimizning sevimli shoiri Safar Barnoyev va boshqa ko‘plab ulug‘ insonlarni yetishtirgan zamin.     

Xoja Ubbon ziyoratgohi Buxoro shahrining g‘arbiy shimolida 50 kilometrcha narida qum tepaliklar orasida joylashgan manzil bo‘lib, bu ziyoratgoh vohada ilk bora islom dini kirib kelgan davrdan beri muborak qadamjolardan biri sanalib, bu joyda XIV asrda ulkan tarixiy inshoot - chashmaxona bunyod etilgan.      

Xoja Ubbon Ibn Usmon Ibn Affon VII asrning oxiri va VIII asr boshlarida yashagan, tobein, faqih, muhaddis, qiroat sohibi, valiyulloh bo‘lib, u kishiga Alloh taolo turli kasalliklarni davolash karomatini bergan.    

Xoja Ubbon Ibn Usmon Ibn Affon 644-656 yillarda xalifalik taxtiga o‘tirgan Usmon Ibn Affon “Choriyor xalifa”lardan uchinchisining o‘g‘li sanaladi. Usmon Ibn Affon  xalifalik davrida Qur’oni Karimni yaxlit kitob holiga keltirishga boshchilik qilgan, shu kitob ustida mutolaa qilayotgan paytda dushman zarbidan 656 yilda jon bergan. Qur’oni Karimning ayrim varaqlariga xalifa Usmon Ibn Affonning qoni tomgan.  

Muhammad Narshaxiyning 943-944 yillarda yozilgan “Buxoro tarixi” asarida Sa’id ibn Usmon Ibn Affon (xalifa Usmon ibn Affonning boshqa bir o‘g‘li) xalifalik tomonidan 676 yili Xuroson amiri etib tayinlangani va u Jayhun daryosidan o‘tib Buxoroga kelgani bitilgan.  

Xoja Ubbon avliyosining 1937 yilda tushirilgan fotonusxalari topildi. Maqbaraga kiraverishining o‘ng tomonida hozirgi kunda yangidan qurilgan toshquduq ustida qadimda to‘rt gumbazli obi g‘ishtdan qilingan chashmaxona bo‘lgan. Chashmaxona ichida esa tosh quduq bo‘lib, undan chamasi 20-22 metrdan suv olingan.  

Qadimgi chashmaxona XIV asrda qo‘li gul ustalarning mehnatlari evaziga juda ixcham, yuksak badiiy mahorat va ulug‘vorlik bilan bunyod etilgan. Bu binolar romitanlik jurnalist Sobira Bo‘ldiyevaning yozishicha A. Temur farmonlari bilan qurilgan ekan. Afsuski u imoratlar hozir saqlanib qolinmagan. Xoja Ubbon maqbarasi, chashmaxona, xonaqoh, tug‘ va sag‘analar o‘tgan asrning 60 yillari boshida minalar bilan portlatib yuborilgan. Avliyoning boshlari uchib ketib, ko‘milgan joyda 2008-2010 yillarda eski yog‘ochdan qilingan maqbara va sag‘ana yangidan qurildi.   

Ulug‘ avliyo sharafiga Xoja Ubbon jamoatchilik xayriya jamg‘armasi tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va u hozirgi kunda faoliyat olib bormoqda. Ulug‘ avliyo abadiy qo‘nim topgan maskanni obod qilishdan asl maqsad o‘z tariximizni qayta tiklash va teranroq anglash, yoshlarimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi bir sa’y - harakat bo‘lib,  bizlar kimlarning avlodlarimiz, ildizlarimiz qaylarga borib taqalishini bilib, kelajakka shunga munosib qadam tashlash, yosh avlodni shu yurtga mehr - oqibatli qilib tarbiyalash  uchun zarur.   

<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/22p5ANchzkg" title="Yurt tilsimlari: Xoja Ubbon Ibn Usmon Ibn Affon ziyoratgohi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xalqimizning ming yillar davomida qon - qoniga singib ketgan dinu - diyonati, urf - odatlari, ezgu amallari davrlar sinovidan o‘tganligiga iymon keltirib, bunday qadamjolarni obod etish har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.   

M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA