Mavlono Muhammad Zohid ziyoratgohi Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Kichik Vaxshuvor qishlog‘ida joylashgan. Xoja Muhammad Zohid XV-XVI asrlarda yashagan ulug‘ ajdodlarimizdan biridir. Ul zot naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida yigirmanchi pir sifatida tilga olinadi. U ozg‘in vujudli, rangi oq, soqoli siyrak edi. Taqvo, ilm va var’ada zamonasining yagonasi bo‘lgan.
Muhammad Zohid Termiz, Balx, Nasaf, Kesh, Badaxshon, Qunduz, Xuttalan viloyatlarida taniqli edi. Uning hozirgi Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Vaxshuvor qishlog‘ida yashagani to‘g‘risida manbalarda aniq ma’lumotlar bor va ularda naqshbandiy alloma Ya’qub Charxiyning nevarasi, ya’ni qizining o‘g‘li ekani yozilgan (Keyingi davrdagi ayrim zamonaviy kitoblarda “Singlisining o‘g‘li” deb ko‘rsatilmoqda).
“Ravzat ul-islom” kitobi muallifi Shayx Sharafiddinning yozishicha, Muhammad Zohid Xoja Ya’qub Charxiyning Hisor viloyatidagi ayrim xalifalaridan tariqat ta’limini oladi. Tunlarni bedor o‘tkazib, zuhd va riyozat chekar edi. Shu sababli ham u “Zohid” degan ismiga muvofiq bo‘lgan.
Muhammad Zohid Vaxshuvoriy ko‘plab muridlarni tarbiyalagan bo‘lsa-da, ulardan Darvesh Muhammad nomigina ma’lum va mashhur. U haqida juda kam ma’lumot saqlanib qolgan. Muhammad Zohid 936/1529-yil vafot etgan . 2018-2019-yillarda Vaxshuvor qishlog‘ida Muhammad Zohid maqbarasi qayta tiklandi, u yerda oshxona barpo etilib, ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Endilikda Xoja Muhammad Zohid maqbarasi obod ziyoratgohga aylantirilgan. Ko‘rkam va fayzli go‘shadan mahalliy hamda xorijlik sayyohlar qadami uzilmaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/HxuoLtcX4As?si=m7TrfhArnqlFLXtL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, I.Ismatov O‘zA