Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt taqdiri yoshlarga bog‘liq 
13:47 / 2023-12-26

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Ulug‘bek jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan Iste’dodli yoshlar va yosh targ‘ibotchilar forumi tashkil etildi.

Ulug‘bek jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar mamlakat kelajagi, uning taqdiri bugun yoshlarning nechog‘li bilimli, teran ma’naviyatli inson bo‘lib kamolga yetishiga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi.  

Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, o‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu yil 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medal sohibiga aylandi.  

Keyingi yillarda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ana shunday yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch marta ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda o‘g‘il-qizlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. 

Mamlakatimizda ana shunday barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoyalash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash maqsadida yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” o‘tkazildi.  

Shu bilan birga, yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid “Mening farzandim O‘zbekiston faxri”, “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasi taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”, “Milliy qadriyatlar haftaligi”,  “Kitob karvoni”, “Kitobsevar yoshlar”, “Kitobsiz yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi” mavzularida 1844 ta madaniy, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar, kitob taqdimotlari va davra suhbatlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 2669 ming nafarga yaqin aholi va yoshlar qamrab olindi. 

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ulg‘ayib kelayotgan avlodning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati huzurida 40 nafar iqtidorli yoshlardan iborat “Yosh targ‘ibotchilar harakati” tashkil etilib, ularga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining ko‘krak nishoni va a’zolik guvohnomasi topshirildi. 

Forumda yoshlar bilan muloqot, savol-javob amalga oshirildi. Ishtirokchilarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan kitoblar taqdim etildi. 

N.Usmonova, O‘zA