Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt sog‘inchi bilan yashagan shoh va shoir
10:55 / 2024-02-08

O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi va sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti  ko‘plab ziddiyat va murakkabliklarga to‘laligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Otasi — Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Boburning onasi o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Boburning yoshligi Andijonda o‘tgan. U barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqx ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan “Bobur” (Sher) laqabini oladi.

Bobur mashhur sufiy — Xoja Ahrorga ixlos qo‘yadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu e’tiqodga sodiq qoladi. “Boburnoma” asarida U Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizlikdan xalos etganini, eng og‘ir sharoitlarda rahnamolik qilganligini ta’kidlaydi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok  bo‘lgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi (1494 yil iyun). Movarounnahr 15-asr oxirida o‘zaro nizolashayotgan temuriy shahzodalar yoki mulkdorlar boshchilik qilib turgan, deyarli mustaqil bo‘lib olgan viloyatlarga parchalanib ketgan edi. Movarounnahr taxti uchun kurash avjga chiqqan, turli siyosiy fitnalar uyushtirilmoqda edi. Buning ustiga Umarshayx Mirzoga tobe bir necha bek va hokimlar yosh hukmdorga (Boburga) bo‘ysunishdan bosh tortadi. Ularning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, ba’zilari mustaqillik da’vosini qiladi, yana boshqa birlari Boburga raqib, boshqalari amaki, tog‘alariga qo‘shilib, uni jismonan yo‘qotish payiga tushadi. Bobur hukmronligining dastlabki 2-3 yilida mavqeyini mustahkamlash, bek va amaldorlar bilan o‘zaro munosabatni yaxshilash, qo‘shinni tartibga keltirish, davlat ishlarida intizom o‘rnatish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Boburning asosiy maqsadi  Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi. 1497 yil kuzida u Samarqand atrofidagi бир qancha joylarni va 7 oylik qamaldan so‘ng Samarqandni egallaydi. Shahar qamal tufayli nihoyatda og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Hatto ekish uchun don ham topish mushkul edi. Bobur qo‘shinini ta’minlashda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Navkarlaridan ayrimlari Andijon va Axsi tomon qochib ketadi.    

Buning ustiga Andijonda qolgan ayrim beklar Boburdan yuz o‘girib, uning ukasi Jahongir Mirzo tarafiga
o‘tadi. Andijondan ko‘ngli notinch bo‘lgan va iqtisodiy qiyinchiliklarga uchragan, ayni zamonda og‘ir xastalikni boshidan kechirgan Bobur Samarqandni yuz kun idora etgandan so‘ng, uni tark etishga qaror qiladi. Ammo Xo‘jandga yetganda Andijon ham qo‘ldan ketib, muxoliflar ixtiyoriga o‘tganini eshitadi. Boburning Toshkent hokimi, tog‘asi Mahmudxon ko‘magida Andijonni qayta egallashga urinishi natija bermaydi, bu muvaffaqiyatsizlik Bobur qo‘shiniga salbiy ta’sir etib, ko‘pchilik bek, navkarlar (700—800 kishi) Boburni tark etadi. O‘ziga sodiq kishilar (200—300) bilan qolgan Bobur ma’lum muddat Xo‘jandda turgach, Toshkentga – Mahmudxon huzuriga kelib, Andijonni qaytarib olish rejasini tuza boshlaydi. Ma’lum muddat o‘tgach,   Bobur  Xo‘jandga qaytadi. Ko‘p o‘tmay Marg‘ilonni qo‘lga kiritadi  hamda Andijonni egallash tadbirlarini ko‘radi. Nihoyat, 2 yildan so‘ng (1498 yil iyun) uni qayta qo‘lga kiritadi. Temuriylarning o‘zaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi. U 1499 y. Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi. Oradan ko‘p o‘tmay Movarounnahrga qaytgan Shayboniyxon Buxoro, Qorako‘lni va Samarqandni jangsiz egallaydi. Biroq, shahar aholisi va zodagonlarining ma’lum qismi temuriylar hukmdorligini tiklash tarafdori bo‘ladi. Ular Farg‘ona hokimi Boburga maktub yo‘llab, Samarqandni ishg‘ol qilishga da’vat etganlar.

Bobur 1500 yil kech kuzida o‘z qo‘shini (240 kishi) bilan Samarqandga yetib kelgach, aholi unga peshvoz chiqib, shahar darvozalarini ochib beradi. Qisqa vaqt ichida Samarqandning barcha tumanlari, Qarshi va G‘uzor shaharlarida Bobur hokimligi e’tirof etiladi. Ammo shaharda oziq-ovqat zaxiralari tugab, ocharchilik boshlangan edi. Bundan xabar topgan Shayboniyxon katta kuch to‘plab, yana Samarqandga yurish boshlaydi. 1501 yil aprel oyida Zarafshon bo‘yidagi Saripul qishlog‘i yaqinida bo‘lgan jangda Bobur qo‘shinlari yengiladi. 1503 yil Toshkent xoni Mahmudxon, Bobur va qalmoqlarning birlashgan qo‘shini Shayboniyxon tomonidan Sirdaryo bo‘yida tor mor qilinadi.  

Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda Andijonni Sulton Ahmad Tanbal egallab oladi. Bobur 200-300 navkari bilan Hisor tog‘lari orqali Afg‘onistonga o‘tadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib
G‘azni va Qobulni egallaydi. Bobur Qobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qo‘shinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom o‘rnatadi. Qobulga, umuman Afg‘onistonga Bobur o‘z yurti kabi qaradi, qurilish, obodonlashtirish, kasbu hunarni rivojlantirish ishlarini boshlab yuboradi. “Bog‘i Shaxroro”, “Bog‘i Jahonoro”, “O‘rtabog‘”, “Bog‘i vafo” va “Bog‘i Bobur” kabi oromgohlar tashkil etdi. Shahar ichidagi
Bolo Hisor qal’asini o‘z qarorgohiga aylantirib, uni qayta ta’mirlatdi, yangi imoratlar qurdirdi va oilasi bilan shu qal’ada yashadi. Uning Humoyun, Gulbadanbegim, Komron va Hindol ismli farzandlari shu yerda tug‘iladi. Bobur Afg‘onistonda bir fotih sifatida emas, balki shu yurt, el obodonligi va ravnaqi uchun jon kuydirgan tadbirli hukmron sifatida qizg‘in faoliyat ko‘rsatdi, uning manfaatlari yo‘lida odilona va oqilona ish tutdi. 

Bobur Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil-kesil umidini uzadi va butun e’tiborini Hindistonga qaratadi. 1519 yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi. Nihoyat, 1526 yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shinini 12 minglik askari bilan tor mor qiladi hamda Dehlini egallaydi oradan ko‘p o‘tmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shim. Hindistonning Bengaliyagacha bo‘lgan qismini o‘ziga bo‘ysundiradi. Agrani o‘ziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa Bobur Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi. Bobur Hindistonda ham, xuddi Afg‘onistonda bo‘lganidek, ko‘plab ijtimoiy xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, o‘zaro ichki nizo, qirg‘inlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi. 

Ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan. Bobur Samarqanddaligining ilk
oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular o‘rtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar to‘plana boshlashi ham shu yillarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Binoiy, Abulbaraka va Bobur o‘rtasidagi ruboiy mushoirasi Samarqanddagi qizg‘in adabiy hayotdan darak beradi. O‘tmish adabiyot va tarix, musiqa va san’atdan yaxshi xabardor bo‘lgan, diniy ta’limotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fozillar davrasida bo‘ldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom va  homiylik ko‘rsatadi, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantiradi.

Bobur 18-19 yoshlarida ruboiy va g‘azallar yoza boshlagan. Uning “Topmadim” radifli g‘azali va “Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi o‘sha yillardagi hayoti bilan bog‘liq. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida ona yurtini dil-dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.

Boburning o‘z she’riy asarlarini to‘plab, devon holiga keltirgan sanani ko‘rsatuvchi aniq tarixiy ma’lumotlar ma’lum emas. Ammo “Boburnoma” ning 1518-19 yillar voqealari bayoniga bag‘ishlangan faslida Bobur devonini Qobuldan Samarqandga yuborganligi to‘g‘risida so‘z boradi. Demak, shu yillarda uning devoniga tartib berilgan va mazkur devon Movarounnahrda ham tarqalgan.

Hozirda uning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan. Hindiston yurishlari davri (1521)da Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan bu asarda Movoraunnahr va Hindistonga oid o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar ham jamlangan. 

 Nodir G‘afforov, 

 O‘zbekiston davlat jismoniy

 tarbiya va sport universiteti

 O‘zbek va chet tillari

 kafedrasi mudiri, filologiya

 fanlari doktori

O‘zA