Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt sha’nini himoya qilish ulkan mas’uliyat va cheksiz sharafdir
11:52 / 2024-03-13

O‘zbek qizlari hayosi, odobi bilan go‘zal. Shuningdek, tashqaridan qaraganda ojiz va muloyim ko‘rinsa-da, ichki shijoati, jangovarligi, maqsad sari intilish borasidagi g‘ayrati, mehnatsevarligi bilan ajralib turadi.

Zero, momolarimiz ham yoshligidan To‘maris, Barchinoy kabi bo‘lishgan, jang qilish, yurtni himoya qilish zarur bo‘lib qolganda dadil oldinga chiqishgan.  

Bu fikrlar sport bilan shug‘ullanuvchi qizlarimizni ko‘rganda xayoldan o‘tgani rost. Xususan, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo kubogi sohibasi, “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi egasi, farg‘onalik Ziyodaxon Abdusattorova ham bir qarashda oddiygina o‘quvchi qiz. Lekin bellashuvlarda, sport bahslarida uni o‘ta jiddiy qiyofada, biroz o‘ychan, shu bilan birga shiddat va shijoatga to‘la holda ko‘rish mumkin. Hatto bunday paytlar o‘z o‘ljasiga tashlangan sher kabi tasavvur uyg‘otadi gohida.  

Maktabning boshlang‘ich sinflarida o‘qib yurgan paytlaridayoq uning sportga ishtiyoqi balandligini sezgan otasi Dilshod aka Farg‘ona shahridagi yakka kurashlarga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga olib kelgandi. Bu yerda Ziyodaxon kamondan otish to‘garagiga qatnasha boshladi. Nega endi kamondan otish?!  

Bu haqda Ziyodaxon shunday deydi:  

“O‘q-yoy, kamon o‘zimizning milliy aslahalarimizdan sanaladi. Shuning uchunmi, dadam bilan maslahatlashib, mazkur sport turini tanlaganmiz... Hayot falsafasiga o‘xshaydi bu sport – maqsadni aniq mo‘ljalga olasan, qarshi va yon tarafdan keladigan nishonlarni hisobga olasan, yetarli bo‘lmagan yoki ortiqcha kuch sarflash o‘zini oqlamaydi. Asosiysi, o‘ylagan rejang amalga oshsa, mo‘ljalni aniq ursang, bor mashaqqatlar esdan chiqadi, yangi marralar sari ilhom olasan”...    

– Kamondan otish sportning boshqa turlaridan ko‘ra murakkabroq bo‘lib, yoshlardan sabrli va irodali bo‘lishni talab qiladi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi, tajribali murabbiy Irina Savinova. – Ziyodada aynan shu fazilatlar mujassam bo‘lgani tufayli yuqori marralarni egallamoqda. Shogirdimning mamlakatimiz sporti tarixiga kirgani ko‘p yillar davomida sabr-toqat bilan qilgan mehnatlarimiz mahsuli deb bilaman.  

Kamondan otish bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi hisoblangan Ziyodaxon Abdusattorova Tailandda o‘tgan litsenzion turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etib, mazkur sport turida yurtimiz uchun tarixda birinchi Olimpiada yo‘llanmasini taqdim qildi. Yaqinda Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida esa u Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.  

– Bunday e’tibor va rag‘batdan juda minnatdorman. Kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘i balandlarga ko‘tarilishi, madhiyamiz yangrashi uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman, – deydi Ziyodaxon. – Yurt sha’nini himoya qilish, mamlakat nomidan maydonga tushish ulkan mas’uliyat va cheksiz sharafdir. Yoshlar, xususan, xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan, ularning ilmiy-ijodiy faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan yurt farzandi ekanimdan faxrlanaman.  

M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat),

O‘zA muxbirlari