Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt sha’niga munosib g‘alabalar
19:52 / 2025-03-23

Sport

Hindistonning poytaxti Dehli shahrida xalqaro xotira turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli qatnashib, beshta oltin, to‘rtta kumush va to‘rtta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Ushbu g‘alabalarda Namangan viloyatining Uychi tumanidan polvonlar Hasanboy Urayimov, Abbosbek Ahmadjonov, Azimjon Yo‘ldoshev barcha raqiblarini yengib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Murodjon Hamidov va Dildora Mamadaliyeva faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Muxlisa Shorustamova esa kuchli uchlikka kirib, sovrindorlar qatorida e’tirof etildi. 

E’tiborlisi, mazkur musobaqada umumjamoa hisobida mezbonlarni ortda qoldirgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi vakillaridan keyin faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

***

Namanganlik sharqona yakkakurash ustalari Navro‘z bayramiga munosib tuhfa sifatida Sharqiy Osiyodan yurtimizga shoda medallar bilan qaytishdi. Tailandning Bangkok shahrida muay-tay bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida murabbiy Umidjon Nuriddinov boshchiligidagi sportchilar O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ringga ko‘tarilgan holda, beshta oltin, bitta kumush va uchta bronza medali bilan taqdirlandi.

Jumladan, Nihola Mo‘ydinova, Nurbek Ibrohimov, Abduxalil Zokirjonov, Azizbek Hoshimjonov va Alijon Ergashev g‘oliblik shohsupasining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Temurlan Abdujabborov ikkinchi, Nuriddin Najmiddinov, Pahlavon Murodxonov va Bexruz Jo‘rayev uchinchi o‘rinlarga loyiq ko‘rildi.

***

Tailandda o‘tgan ikki hafta davomida sportning slalomda eshkak eshish turi bo‘yicha Osiyo chempionati hamyurtlarimiz uchun esda qolarli onlarga boy bo‘ldi. Ushbu nufuzli musobaqada namanganlik sportchilar O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardilar. 

Namangan viloyati suv sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchilari Samandar Saydullayev va Ibrohim Nosirjonov o‘z mahoratini ko‘rsatib, bronza medaliga munosib topildi.

Ushbu g‘alaba yosh eshkak eshuvchilarimizning yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish borasidagi xalqaro turnirlarda ishtirok etishga katta yo‘l ochadi.

***

Namangan shahrida joylashgan viloyat sport boshqarmasi tasarrufidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lgan erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha “Bosh prokuror kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi 2010-2012 yillarda tug‘ilgan o‘smir polvonlarni bir joyga jamladi.

Musobaqada viloyatning barcha shahar, tumanlaridan 500ga yaqin yosh polvonlar gilamga chiqdi. Har bir vaznda g‘oliblik murosasiz tarzda o‘tdi. Yosh pahlavonlar chaqqonligi, kuchi va texnik mahoratini namoyish eta oldi. Turnirning taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlar viloyat prokuraturasi tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***

Bolgariyaning Sofiya shahri mezbonlik qilgan an’anaviy 76-“Strandja” xalqaro turnirida uchqo‘rg‘onlik iqtidorli charm qo‘lqop ustasi Fazliddin Erkinboyev ajoyib natija qayd etdi.

Yevropa ringlarida kechgan ushbu nufuzli musobaqada hamyurtimiz 80 kilogramm vaznda bahslarga kirishib, barcha raqiblarini ishonchli tarzda yenggan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Musobaqani beshta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medali bilan yakunlagan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA