Sirdaryo zaminida bugungi kunda oltita milliy madaniy markazlar faoliyat olib boradi. Bu markazlar o‘z xalqining dini, qadriyatlari, milliy urf-odatlari, an’analarini saqlash, tiklash, kelajak avlodga yetkazish uchun tashkil etilgan. Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Qozoq milliy madaniy markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Klara Fozilova bilan shu xususida suhbatlashdik.
– Bugun dunyoda turli millat va elatlar o‘rtasida nizolar, irqiy kamsitishlar bo‘lib turgan vaqtda, jonajon O‘zbekistonimizda turli millat vakillarining bir oiladek yashayotganining o‘zi juda quvonarli. 130 dan ortiq millat vakillari yashayotgan yurtimizda shuncha milliy madaniy markazlar faoliyat olib boradi. Men shunday go‘zal, betakror, jannatmakon yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman. Yurtimizda barcha millat vakillari o‘z tilida ta’lim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ta’limni o‘z ona tilim qozoq tilida oldim. Guliston davlat universitetini 1995 yili “Qozoq tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, o‘sha yildan oliy o‘quv yurtida o‘qituvchi bo‘lib ish faoliyatimni boshladim. Yosh avlodga qozoq tili, uning tarixi haqida saboq berib kelmoqdaman. Umuman qozoq madaniyati, ma’naviyati, urf-odat, an’analariga qozoq, o‘zbeklar va boshqa millat vakillarining ham qiziqishlari katta. Ayniqsa, qozoq xalqining buyuk donishmandi Abay Qo‘nonboyevning hayoti va ijodi barcha xalqlar tomonidan qiziqib o‘rganiladi. Abay asarlari va she’riyati qozoq xalqining barcha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, axloqiy, ruhiy, madaniy, etno madaniy jihatlari aks ettirilganligi bilan ahamiyatlidir. Qozoq xalqi o‘tmishi va ajdodlari tarixini bilishim milliy madaniy markazimiz faoliyatida nafaqat milliy meroslarga e’tibor qaratishga, ularni unut bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka balki millatlararo totuvlikni ta’minlashga, o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlashga ham asos bo‘lmoqda. Mehnatimizning samarasi o‘laroq 30 iyul – xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan hukumatimiz tomonidan “Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rildim. Bu faqat menga emas, Sirdaryo viloyatidagi barcha millatdoshlarimga berilgan mukofot deb bilaman. Jonajon Yangi O‘zbekistonimizning taraqqiyoti uchun, millatlararo totuvlikni ta’minlash uchun bor bilimim va salohiyatimni safarbar etaman.


Shuhrat Suyarov, O‘zA