Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt obodligi yo‘lida
12:51 / 2023-03-18

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tayapti.

“Mahalla” fondi matbuot xizmati ma’lumotiga kura,  xashar doirasida kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, yakka-yolg‘iz keksalar va nogironligi bor aholi holidan xabar olish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Jumladan, 12 ming gektarga yaqin maydonni obodonlashtirish, 11 ming tonnaga yaqin maishiy va qurilish chiqindilarini chiqarib tashlash, 1300 kilometrdan ziyod ariq va lotoklarni tozalash rejalashtirilgan.    

Bu yilgi hasharning muqaddas Ramazon oyi arafasida o‘tkazilayotganida ham o‘zgacha ma’no bor. Xalqimizda shakllangan milliy urf-odat va ananalarga muvofiq, Ramazon oyi arafasida qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtiriladi.  Bu yilgi hashar doirasida ham 8 ming 500 dan ziyod qabriston, 400 ga yaqin ziyoratgoh tozalanayapti.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizni yanada ko‘kalamzorlashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Joriy yilgi hasharda ham mazkur loyiha doirasida 1 million tupga yaqin manzarali, 500 ming tupdan ziyod mevali, 2 million tupdan ziyod gul ko‘chatlari o‘tqazilishi ko‘zda tutilgan. Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari aholiga bepul yetkazib berilayapti.  

Hashar doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilayapti. Jumladan, "Mahalla" fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq ish-reja ishlab chiqildi.

Jumladan, 5 mingga yaqin oilalarning uy-joylari ta’mirlab beriladi, 2 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz hamda yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, 7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Buning uchun jami 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.    

Shuningdek, hashar doirasida hududlarda yangi mahalla binolari va tadbirkorlik sub’ektlarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Hashar kuni aholini boshqa turdagi jamoat ishlari, jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish ta’qiqlanadi. Shuningdek, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlarlarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbir o‘tkazish ta’qiqlanadi.  

N.Usmonova, O‘zA