O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik to‘yi oldidan yurtni yanada obod qilish, hududlarni ozoda va pokizaligini ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish maqsadida Andijon viloyatida avgust oyi “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi” deb e’lon qilindi.
Ana shu xayrli tashabbus doirasida viloyatdagi mehnat jamoalari, mahallalar, ta’lim muassasalarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, hasharlar uyushtirilmoqda.
– Yurt obodligi xonadonlardan, ko‘cha, guzar va mahallalardan boshlanadi, – deydi “Nuroniy” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari O‘ktamjon Oxunov. – To‘yga to‘yona bilan deganlaridek, viloyatimizda mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan har bir hududni obod qilishdek xayrli tashabbus boshlandi. Ushbu xayrli ishda kattayu kichik birdek faol ishtirok etmoqda.
[gallery-8157]
Andijon viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari ushbu harakatga birinchilardan bo‘lib qo‘shildi. Kuni kecha hashar o‘tkazilib, boshqarma hududi tozalandi, daraxtlar, devorlar oqlandi. “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi” doirasida viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida “Obod maskan – yurt ko‘rki” shiori ostida obodonlashtirish ishlari, hasharlar o‘tkazilmoqda.
Dastlabki kunlarda 68 ta ta’lim muassasasining ishchi va xodimlari o‘tkazilgan hasharlarda ko‘tarinki kayfiyat bilan ishtirok etdi. Ushbu tadbir doirasida hududlarda 8 ming 500 tup gul ko‘chatlari oldindan tayyorlangan yer maydonlariga ekildi. Shuningdek, 38 ta ta’lim muassasasi binolarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, devorlar oqlandi, maydonlar, ariqlar tozalandi.
Viloyatda “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi” doirasidagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto) O‘zA