English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!”
10:09 / 2026-03-03

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, 2026-yil 13-14-mart kunlari mamlakatimizda “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

Farmoyish bilan “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi. 

Ishchi guruh, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xayriya hasharini o‘tkazish doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi: 

mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash ishlarini tashkil etish; 

Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgan xiyobonlar atrofida, ulug‘ ajdodimiz nomi berilgan yurtimizdagi ko‘plab ko‘chalarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish; 

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalar va aholi xonadonlari atrofiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish; 

ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish; 

obodonlashtirish tadbiri ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash; 

joylarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida to‘plangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta’minlash; 

avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlari, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek insonlarning hayoti yoki sog‘ligiga xavf tug‘ilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish taqiqlanganini qatiy nazoratga olish; 

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil  10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq xayriya hasharini o‘tkazishda aholini boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatiy yo‘l qo‘yilmasligini hamda tegishli tashkilotlar hududida obodonlashtirish ishlarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir mahallada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi; 

xayriya hashari davomida har bir ko‘cha va ko‘p kvartirali turar joylarda amalga oshiriladigan ishlar hajmini “ko‘chabay” hamda ko‘p kvartirali turar joylarda “xonadonbay” shakllantiradi hamda o‘nta “mahalla yettiligi” va faollarini biriktiradi;

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda xayriya hasharini o‘tkazishga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ko‘p qavatli uylarni boshqaruvchi tashkilotlar, shuningdek respublikaning barcha aholisi, ayniqsa yoshlarni jalb etishda ixtiyoriylikni ta’minlaydi.

O‘zA