Yurt obod, bozorlar to‘kin
Zamonaviy qiyofa kasb etib, xizmat ko‘rsatish madaniyati yuksalgan bozorlarimiz mustaqillik bayrami arafasida yanada gavjumlashgan.
Zamonaviy qiyofa kasb etib, xizmat ko‘rsatish madaniyati yuksalgan bozorlarimiz mustaqillik bayrami arafasida yanada gavjumlashgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi ulardagi fayz va to‘kinlikni oshirmoqda. Buni joylarda davom etayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari misolida ko‘rish mumkin.
“Toshbozorsavdo” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, Toshkent shahridagi mavjud bozorlar shahar ahli va poytaxt mehmonlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini shaharga arzon narxda keltirish, sotuvchiyu xaridorlarga keng qulaylik yaratish maqsadida har bir dehqon bozori hududida savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Poytaxtimizdagi «Qo‘yliq dehqon bozori»da Namangan viloyati fermer xo‘jaliklari vakillari yigirmadan ortiq turdagi meva-sabzavot va poliz mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘ygan.
Namangan viloyati fermerlari joriy yilda poytaxtliklar dasturxoniga qariyb ikki ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berishni rejalashtirgan. Shu kungacha 100 tonnaga yaqin piyoz, kartoshka, qovun-tarvuz, olma, shaftoli, uzum hamda go‘sht aholi tomonidan xarid qilindi.
– Xo‘jaligimizda yetishtirilgan mahsulotlar poytaxtlik xaridorlarga manzur bo‘layotganidan xursandmiz, – deydi Namangan tumanidagi «Ahadxon Inobatxon Vohidjon» fermer xo‘jaligi rahbari Vositxon Abdullayev. – Intensiv bog‘imizdagi olmadan mo‘l hosil oldik. Chorvachilikdan ham yaxshi daromad ko‘rayotirmiz. Mehnatimiz tufayli yetishtirilgan mahsulotlarimizni hamyurtlarimizning bayram dasturxoniga tuhfa qilishdan mamnunmiz.
– Bozorlarimizdagi to‘kin-sochinlikdan ko‘z quvnaydi, – deydi Sanamxon Saidabrorova. – Ayniqsa, bayramlar arafasidagi savdo yarmarkalari aholiga yanada keng qulaylik yaratayotir. Ularda sotilayotgan shaftoli, olma, tilni yorar uzum g‘oyat mazali. Mahsulotlar sifatli, narxi esa ancha arzon. Har kuni bu yerga kelib yangi uzilgan meva, qovun-tarvuz xarid qilamiz.
Albatta, bunday farovonlik va mo‘l-ko‘lchilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Buning zamirida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida uzoqni ko‘zlab, xalq manfaati va yurt istiqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil va bosqichma-bosqich islohotlar, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, zahmatli mehnati, azmu shijoati mujassamdir.
O‘zbekiston bug‘doy, un, meva-sabzavot, quruq mevalar, uzum, poliz mahsulotlari kabi o‘ta zarur oziq-ovqat tovarlari bilan o‘z ehtiyojini to‘liq ta’minlamoqda. Aholining go‘sht va sut mahsulotlari, guruch, kartoshka, sabzi, piyozga bo‘lgan talabi o‘zimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda. Bozorlarimiz yilning barcha faslida birdek to‘kin-sochin bo‘lishi ham ana shu sa’y-harakatlarning samarasidir.
– Bozorlarimizda bu yil noz-ne’mat har qachongidan serob, bahosi ham arzon, – deydi Nilufar Qosimova. – Pishiqchilik davrida bevosita daladan olib kelinayotgan mahsulotlarning eng sarasini tanlab olganga nima yetsin. Bularning barchasi oilalar mustahkamligiga, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishiga xizmat qiladi.
Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi – Vatanimiz mustaqiligining 23-yilligi bayrami arafasida aholi farovonligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalari poytaxtimiz bozorlari va tuman markazlaridagi savdo rastalarida joriy yilning 5-sentabriga qadar davom etadi.