English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt kelajagi ishonchli qo‘llarda
12:42 / 2024-06-01

Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.

Ishtirokchilar dastlab davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov haykali poyiga gul qo‘ydi. Shahardagi “Hamid Olimjon va Zulfiya” hamda “Sharof Rashidov” muzeylari,  Sharof Rashidov ta’lim olgan 10-sonli umumta’lim maktabi, Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi va Qozon federal universiteti Jizzax filialiga sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.  

Bosh prokuratura faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi raisi Botir Kalonov boshchiligidagi soha faxriylari, viloyat prokuraturasi xodimlari, shu jumladan, sohaga endi kirib kelayotgan yosh mutaxassislar hamda ularning ota-onalari ishtirokidagi “Ustoz-shogird” uchrashuvi juda qizg‘in o‘tdi. Tadbirda malaka kengashining qarori bilan ish o‘rganish dasturini muvaffaqiyatli bajargan 27 nafar sohaning yosh mutaxassislari tantanali qasamyod qabul qildi.

Prokuratura organlarida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylar yosh mutaxassislarga, o‘zlarining mehnat faoliyati va amaliyotdagi boy tajribalarini hikoya qilib berdi.

– Ushbu jonli hikoyalarni tinglagan har qanday kishi qalbida vatanparvarlik, inson qadri ulug‘lanayotgan bugungi kunga shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urishi tabiiy, – deydi Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari Ma’ruf Xo‘jamqulov. – Ustozlarning o‘z tajribalari asosida bildirib o‘tgan xizmat faoliyati bilan bog‘liq o‘gitlari esa, yosh xodimlarga chinakam saboq bo‘ladi.

Faxriylar viloyat prokuraturasida tashkil etilgan muzey va ma’naviyat burchagi, shahar markazidagi 3-sonli ichki ishlar bo‘linmasi, “Kimyogar” mahalla fuqarolar yig‘ini “mahalla yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, u yerda ham o‘zlarining zarur tavsiya va maslahatlarini berdi. Ishtirokchilar tuman hududidagi “ADM Jizzax” avtomobil ishlab chiqarish zavodi faoliyati hamda tumanning “Sayxon” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. Bu yerda ham soha faxriylari xizmat o‘tayotgan xodimlar, yosh mutaxassislar, talaba-yoshlar, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faxriylari, nuroniylar, jamoatchilik faollari va boshqalar ishtirokidagi uchrashuv ham yuqori saviyada o‘tdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi E.Saliyev ishtirok etdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar prokuratura sohasida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, oliy darajali unvonga ega soha faxriylarining oltinga teng o‘git va tavsiyalari yosh mutaxassislarning ish faoliyatida katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchilar Zomin o‘rmon xo‘jaligi hududida tashkil etilgan prokuratura bog‘ida bo‘lib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazishdi.  

Tadbir yakunida yurtimizda uloq-ko‘pkari milliy o‘yinlarining rivoj topishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan zominlik Abdug‘ani Baratovga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni hamda mehnat faxriysi guvohnomasi topshirildi.

– Biz uch avlod uchrashuvidan katta taassurotlar oldik, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi raisi Botir Kalonov. – Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida katta sarmoya evaziga barpo etilgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan avtomobil zavodi, bir qator ulkan sanoat korxonalari, Zomin tumanida bunyod etilgan turizm ob’ektlari yurtimizning yuksak salohiyatga ega ekanidan dalolat bersa, viloyatning shahar va tumanlarida o‘tkazgan uch avlod uchrashuvlari davomida biz muloqotda bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari hamda yosh mutaxassislarning bilim darajasi yuksakligi, sohani juda yaxshi o‘zlashtirib olayotganlari prokuratura bilimli va ishonchli qo‘llarda ekanini anglatadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.