Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “O‘quv markazlari forumi” davom etmoqda. Forumda “Ko‘mak” loyihasi orqali chekka hududlarda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan o‘quv markazlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ko‘mak” loyihasi chekka hududlarda sifatli ta’lim imkoniyatlarini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida loyiha orqali faoliyat yuritayotgan o‘quv markazlari rahbarlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, hududlardagi yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan yuqori qiziqishi va ta’limga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, forumda ishtirok etgan yosh tadbirkor Javlon Lutfullayev, “Bolalar akademiyasi” asoschisi chet elda olgan bilim va tajribasini o‘z yurtining yoshlari manfaatiga yo‘naltirib, ularga sifatli ta’lim berishga xizmat qilmoqda.

Imkoniyatlardan unumli foydalangan Javlon Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasi bilan Yoshlar banki orqali imtiyozli kredit olib, nafaqat o‘z faoliyatini kengaytirdi, balki yangi 50 ta ish o‘rni yaratdi. Bugun u rahbarlik qilayotgan 2 ta xususiy maktabda 300 nafar o‘quvchi zamonaviy sharoitda ta’lim olmoqda. Bu nafaqat yosh tadbirkor uchun yutuq, balki butun hudud ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilayotgan bunday imkoniyatlar, bilim, mehnat va fidoyilik bilan birlashganda yurtimizning kelajagi yanada porloq bo‘lishiga ishonch uyg‘otadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA