French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt ishqida yongan yurak
15:55 / 2023-06-14

Samarqand viloyati axborot kutubxona markazida bir umr mamlakatimiz ichki ishlar idoralari tizimida faoliyat ko‘rsatgan polkovnik, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘tkur Jo‘rayev xotirasiga bag‘ishlab chop etilgan “Yurt ishqida yongan yurak” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Farmon Toshev, Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov va boshqalar O‘tkur Jo‘rayevning serqirra faoliyati, ijodi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

[gallery-12332]

– O‘tkur aka Urgut farzandi, – deydi "Nuroniy" jamg‘armasi Urgut tumani bo‘limi raisi Farmon Azizov. – Tumanimizdagi Pochvon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Maktabni bitirganidan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning huquqshunoslik fakultetida tahsil olgan. Talabalik vaqtidayoq ichki ishlar idoralarida faoliyatini boshlagan. Keyin Ichki ishlar vazirligi, Prezident devoni va boshqa nufuzli idoralarda mehnat qildi. Qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, Vatanimiz va xalqimizga sadoqati, kamtarin va odamoxunligi bilan obro‘-e’tibor qozondi, zimmasidagi vazifalarni astoydil ado etdi, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Shuning uchun ham yor-do‘stlari, shogirdlari va yaqinlari doim u kishini yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Mazkur kitob ham ana shu shirin xotiralarni o‘zida jamlagani bilan e’tiborli.

– O‘tkur Jo‘rayev ichki ishlar tizimining ko‘zga ko‘ringan xodimi bo‘lish bilan birga adabiyot, san’atga yaqin ijodkor edi, – deydi filologiya fanlari nomzodi Akbarxon Asrorov. – U kishining she’rlarida Vatan, ona va yoru do‘stlar madhi asosiy o‘rinda turadi. Har bir she’rni o‘qib o‘zingizga nimadir xulosa qilasiz, saboq olasiz. Ayniqsa, pand-nasihat tarzida bitilgan ijod namunalarini hayotning past-balandini ko‘rgan, achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan insonning o‘gitidek qabul qilasiz.  

Tadbirda ichki ishlar idoralari faxriylari, O‘tkur Jo‘rayevning safdoshlari va do‘stlari u bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldi. She’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA