O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda vazirlik, idoralar va muassasalar idoraviy arxivlarining mas’ul xodimlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori Baxtiyor Hasanov va boshqalar mamlakatimizda tarixiy haqiqatni tiklash ishlari izchil olib borilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi "Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar boshlab yuborilgan.
Seminarda ta’kidlanganidek, xalqimiz ozodligi va erkinligi, avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib, aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasidagi qator ishlar natijasida ko‘plab pok nomlar tiklanmoqda.
Bu boradagi ishlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida tarixchi olimlar, mutaxassislar tomonidan Konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Konsepsiyada qatag‘on qurbonlarini aniqlash bo‘yicha tarixiy davrlar, olib boriladigan ishlar yo‘nalishlari, xotira kitoblariga kiritilgan ma’lumotlar, yuqorida nomi keltirilgan farmoyishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berildi.
Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Fanlar akademiyasi, "O‘zarxiv" agentligi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining mas’ul xodimlari ishtirok etgan ushbu seminarda ishtirokchilarga Konsepsiyaning mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishga doir sa’y-harakatlar xususida batafsil tushuntirildi.
Ma’lumki, mustamlakachilik davrida minglab ajdodlarimiz Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilarcha kurashib, repressiyaga uchraganlar. Ushbu davrda ko‘plab vatandoshlarimiz yurt ozodligiga erishish, mustaqil taraqqiyotni ta’minlash, tarixiy, madaniy, diniy qadriyatlarni saqlab qolish, tiklash yo‘lida kurashganlar hamda bu borada aziz jonlarini fido etganlar.
Seminar-treningda mustaqillik va adolat tantanasi yo‘lida umri xazon bo‘lgan har bir vatandoshimizning ismi-sharifini tiklashda idoraviy arxivlarining oldida turgan dolzarb vazifalarga asosiy e’tibor qaratildi.
Tadbir qatnashchilarini qiziqtirgan savollarga Qatag‘on qurbonlari xotirasi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeylari, Fanlar akademiyasining Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Xalqaro islom akademiyasining tarixchi olimlari batafsil javob berdilar.
Shuningdek, Qatag‘on qurbonlarining nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy-ishchi guruhlar bilan idoraviy arxivlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Ishchan va amaliy ruhda o‘tkazilgan seminar-trening yakunida Prezidentimizning "Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
N.USMONOVA, O‘zA