English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt farzandlarini birlashtirgan ulug‘vor bayroq
10:29 / 2023-11-19

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” maydonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va tegishli vazirliklar hamkorligida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!” shiori ostida tantanali bayram tantanalari o‘tkazildi.  

Unda davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at nomoyandalari, sportchilar, harbiylar, Milliy gvardiya otliq qismlari, faol yoshlar, OAV vakillari va keng aholi ishtirok etdi.  

1991 yilning 18 noyabrida g‘oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda davlat ramzlaridan eng avvalgisi – milliy bayrog‘imiz tasdiqlangani mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘lgan edi. O‘tgan o‘ttiz ikki yil davomida keng nishonlab kelinayotgan ana shu tarixiy sana ma’naviy hayotimizdan mustahkam va munosib o‘rin oldi.

Bayroq – davlat ramzi, kuch-qudrati ifodasi, shu davlat fuqarolarining esa tengsiz va bebaho ma’naviy-estetik boyligi sanaladi. E’tirof etish joizki, bayroq davlat ramzlaridan biri sifatida jahon miqyosida qanchalik rasmiy nufuz va milliy ahamiyat kasb etsa, har bir yurtdoshimizning ishonchu iftixorini namoyon qilishda shunchalik xalqona salohiyatga ega.  

Yurt farzandlari shu bayroq ostida birlashadilar. Ilm-fan va sport olimpiadalarida, xalqaro musobaqalarda muntazam ravishda bo‘lib o‘tadigan murosasiz bellashuvlarda ishtirok etar ekanlar, milliy bayroqdan ma’naviy-ruhiy quvvat oladilar.  

Milliy bayrog‘imiz xalqaro minbarlarda davlat rahbarining tashrifidan xabar beradi. Sportchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan turli bellashuvlarda qadimiy va mag‘rur yurtimiz timsoli sifatida farzandlarimizni yuksak g‘alabalarga ilhomlantiradi.  

Bugungi kunda jahonning turli qit’a-mintaqalarida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa ko‘plab jahon miqyosida xalqaro nufuz va salohiyat kasb etgan idora-muassasalarda, shuningdek, mamlakatimizning barcha shahar-kentlari markazlarida, bir-biridan ko‘rkam va muhtasham binolarimiz peshtoqlarida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i  hilpirab turibdi.

Milliy davlatchiligimiz uch ming yillik tarixni qamrab oladigan bo‘lsa, o‘tgan asrlar davomida muzaffar ota-bobolarimiz o‘nlab saltanatlar tuzib, g‘alabalari timsoli sifatida bayroqlarini yuksak ko‘targanlar. O‘zbekiston bayrog‘ida o‘sha o‘tmish ramzlari uyg‘unlashgan, ajdodlarimiz shavkati mujassamlashgan desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida davlatimiz timsoli bo‘lmoqda.  

Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari, xususan, bayrog‘imiz xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.

O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan yana bir qator tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, butun yurtimiz bo‘ylab yuzga yaqin markaziy maydon va sayilgohlarda bo‘lib o‘tdi.

[gallery-14665]

Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonni, Yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, milliy bayrog‘imiz ostida birlashamiz. Uning samolarda mavjlanib hilpirashi eldoshlarimizni, ayniqsa, ilm-fan sirlarini puxta egallayotgan navqiron avlod va porloq kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizni biz ko‘zlagan muhtasham manzil – Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga chorlab turishi shubhasiz.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 32 yilligi munosabati bilan bir guruh ziyolilar, ma’rifat targ‘ibotchilari “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, tadbirda vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar ijro etilib, Milliy gvardiya qo‘shinlari ishtirokida harbiy chiqishlar namoyish etildi.  

N.Usmonova, Davron Ernazarov (suratlar), O‘zA