Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurt dovrug‘ini dunyoga doston etgan sportchilar munosib kutib olindi
12:14 / 2022-10-10

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Italiyaning Jesolo shahrida kikboksing bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 26 ta medallar shodasiga ega chiqqan sportchilarimiz tantanali kutib olindi.

– Yosh sportchilarimiz kikboksing yo‘nalishida ilk bor jahon chempionatida bunday yuksak natijani qayd etdi. Musobaqa davomida 4 ta oltin, 7 ta kumush va 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritganimiz kelgusida kattalar o‘rtasida yuksak g‘alabalarga erishishimizga munosib zamin hozirlamoqda. Ma’lumki, kikboksing sport turi 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmoqda. Aynan Italiyada zafar quchgan yoshlarimiz “Los-Andjeles-2028” o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar bo‘lib kamolga yetadi, – deydi delegatsiya rahbari Oybek Narmetov. 

[gallery-9080]

Shuningdek, poytaxt aeroportida Sloveniyada taekvondo (ITF) bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon kubogi musobaqalarida  11 ta oltin, 14 ta kumush hamda 11 ta bronza medaliga musharraf bo‘lgan yosh taekvondochilarimiz ham munosib qarshilandi. 

– Jahon kubogi musobaqalarida 60 ta davlatning 300 nafardan ziyod sportchilari qatnashdi. Umumjamoa natijalariga ko‘ra, kubok bahslarida 5-o‘rinni, klublar o‘rtasidagi bahslarda esa 4-pog‘onani egalladik, – deydi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Muhriddin A’zamov. 

Yurt dovrug‘ini dunyoga doston etgan iste’dodli sportchilarimizni kutib olish marosimlarida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori, O‘zbekiston kikboksing federatsiyasi prezidenti Asadjon Xodjayev, Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Faxriddin Abdukarimov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

T.Ro‘ziyev,  
O‘zA