Hamma davrda ham yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash muallimlarimiz zimmasiga yuklangan. Ustozning o‘zi tarbiya topgan, yaxshi fazilatlar egasi bo‘lsagina, u o‘quvchisini ezgulik sari ergashtira olishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Eng avvalo, murg‘ak qalbimga ezgu g‘oyalar Onajonim tarbiyalari orqali singgan bo‘lsa, uni ma’rifat nuri bilan jilo berib, boyitgan bu mening birinchi muallimim - Aziya Abdullina.
O‘n beshinchi asrda hazrat Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining odobga bag‘ishlangan oltinchi maqolatida xo‘b fikrlarni yozib qoldirganlar.
Shoir farzand ilmli, odobli bo‘lishi uchun unga, albatta, muallim – ustoz jalb qilinishi kerakligini uqtirgan:
Qilmoq erur biri muallim talab,
Qilg‘ali ta’lim anga ilmu adab.
Ha, shunday ma’nan boy ustozning shogirdi bo‘lish baxtiga muayassar etgan Allohga shukronalar bo‘lsin!
Bu ustozim 1936 yili Buxoro viloyatining Vobkent tumanida tavallud topganlar. 1957 yili Buxoro Pedagogika bilim yurtini tugatib, Shofirkon tumanidagi Sadriddin Ayniy nomli 15-sonli maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishga kelganlar. Qirq yilga yaqin shu maktabda bolalarga ta’lim berdilar. Qanchadan-qancha insonlarning yetuk kadr bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga musharraf bo‘ldilar.
Arabxona qishlog‘ida yashovchi Nasullo Xolov bilan 1960 yili turmush qurib, olti farzandni Erkin, Nazira, Feruza, O‘tkir, Olim, Zuhrani o‘qitib, tarbiyalab, uylik joylik qildilar.
Ustoz ma’rifat tarqatish bilan birga sharafli oilaning kelini, namunali oila tarbiyachisi, shirin-shakar farzandlar, nevara-evaralarning sevimli buvijonisi sifatida elimiz ardog‘idalar.
Ularning yana bir hamma oilalarga ibratli hayot yo‘llari qaynota, qaynonalari hurmatini joyiga qo‘yib, duolari ijobatida umrgurzonlik qilib kelayotgan tabarruk zot ekanliklarida.
1966 yil birinchi sinfga o‘qishga bordim.
Oppoq, chiroyli, nazokat bobida tengi yo‘q, ziyoli, kiyinishlari, yurish-turishlari bilan hammaga o‘rnak Aziya mullimamiz sinfga qabul qilib oldilar. 1-4 sinfgacha ularning sinf rahbarliklarida ta’lim oldim.
Dars o‘tish metodlarini hali hanuz zavq bilan eslab, qoyil qolaman. Muallim sinfga kirishlari bilan salomlashilganidan keyin hamma o‘quvchilar o‘rnidan turgan holida :
Jip-jip, jo‘jalarim,
Jip-jip, jip-jip, jo‘jalarim,
Don beraman, jo‘jalarim! –
qo‘shig‘ini boshlab, ikki qo‘llarini tepaga ko‘tarib, hamma barmoqlarini ochib yopaverardilar. Butun sinfdagi o‘quvchilar bu holatni takrorlardi. Har kuni shu tarzda dars boshlanardi.
Bu usul o‘quvchilar kayfiyatini va qon aylanishini yaxshilashi tayin edi. Ustoz qo‘shiqni shunday mayin, chiroyli, yoqimli ovozda ijro etardilarki, bu jozibali ovoz meni she’riyatga, ashulaga, adabiyotchi bo‘lishga undagan. Har safar qo‘limdan ushlab, harflarni o‘rgatish jarayonlarida u kishidan taralgan atir-upalarning hidi ularga nisbatan mehr tuyg‘usini jo‘shtirardi. O‘sha yillari katta bo‘lib, ularga o‘xshagan chiroyli kiyimlarni kiyib, o‘qimishli, ziyoli ayol bo‘lishni orzu qilganman. Ustozim, men uchun ideal inson bo‘lganlar. Bu orzuimga 1976 yili Buxoro davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiya fakultetiga o‘qishga qabul qilinganimdan keyin musharraf bo‘ldim.
Aziya opa birinchi navbatda o‘quvchining ichki dunyosini o‘rganib, uning qalbiga yo‘l topardilar. Buning evaziga butun sinf onasini sevganday ularni yaxshi ko‘rardi. Har gal turli emlashlar uchun shifokorlar kelsa, tamom, qo‘rquvdan ba’zi sinfdoshlarimiz yugurib, borib, muallimjon deb ularni qattiq quchoqlab, onasiga erkalanganday quchoqlaridan chiqmay o‘tirardi.
Har kuni maktabga toza-ozoda holda kelishimizni sinfkom nazorati orqali yo‘lga qo‘ygan edilarki, bu bir umrga bizning hayotimizga saboq bo‘lib kelmoqda.
Sochim juda silliq, tez o‘suvchan bo‘lganligi uchun darrov ochilib, ketaverardi. Ustoz uni tarab, yig‘ishdan charchamasdilar, men esa o‘z qizlaridek bundan erkalanishdan qolmasdim.
Muallimning gaplari butun sinf o‘quvchilari uchun qonunday kuchga ega bo‘lgan. Har kuni topshiriq berardilar, uyda ularni Onam bilan birga bajarardim. Onamning holi jonlariga qo‘ymasdim. Injiq edim. Onajonimning xatlari juda chiroyli, matnlarni muloyim, yoqimli ovozda o‘qib beradilar. Bu og‘ir, vazmin, yoqimli sado mening qalbimda adabiyotga mehr yanada kuchaytirardi.
Uyda juda erka o‘sganman. Ikki buvim, onajonim, Rahima yangam va yana qancha xizmatimizda bo‘lgan ayollar bag‘rida o‘sganmiz. Ba’zan uy yumushlaridan ko‘ra bir kitobni o‘qishni yoki bo‘lmasa multfilm ko‘rishni yoqtirardim. Ustoz har bir o‘quvchining tarbiyasi, o‘qishi yuzasidan ularning ota-onalari bilan tez-tez uchrashib, gaplashib olardilar. Bir odatim bor edi, kitob o‘qish yoki biror ish bilan mashg‘ul paytimda, ikkinchi ishni buyursalar qo‘limdagi ishni bitirmasdan yangisiga o‘tolmasdim, gaplarini qaytarib tashlardim. Bu fe’lim dadam orqali ustozga yetib boribdi, sinfdoshlarim o‘rtasida tanbeh berdilar. Shunaqangi xafa bo‘lganmanki, uyga kelib rosa yig‘laganman, shu-shu ish aytilsa, yana izza bo‘lmaslikni o‘ylab darrov kirishadigan bo‘lgandim.
Ustozning ezgulik yo‘lida qilgan mehnatlari mahsuli sifatida qanchadan-qancha shogirdlari qatori kaminaga ham u kishining hayot yo‘llaridan ibrat olib yashash baxti nasib etganiga Allohga shukronalar qilamiz.
Shunga amin bo‘ldimki, inson nimani orzu qilsa, Alloh o‘zi yetkazar ekan. 1980 yili o‘qishni tugatib, o‘zim bitirgan maktabimda ustoz bilan ishlash baxtiga erishdim.
Taqdirda Toshkentda yashash nasib etgan ekan. Ustoz saboqlari turli oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganimda va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidagi faoliyatimda o‘z natijasini berdi. Bu idora vakili sifati respublikamizning barcha viloyatlarida, shuningdek, turli vazirlik, idoralarda o‘tkazilgan ma’naviyat tadbirlarida notiq sifatida chiqishlarimning zamirida ustozning mehnatlari borligini har doim his qilganman. Ish faoliyatimda nimaiki yutuqlarga erishgan bo‘lsam, bu ular bergan ta’lim va tarbiyaning mahsuli deb bilaman.
Ustozim hozir 86 yoshdalar. Ilohim, sog‘-salomat bo‘lsinlar.Ular bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Ulardan bir umrga qarzdorman.

Yuqori sinfda ustozimiz Sharif Yusupov va Hakim Tohirov o‘zbek tili va adabiyoti fanida dars berdilar. Yusupov domlamiz darsni juda ta’sirli qilib, o‘tardilar. Voqealarni bayon etayotgan paytlari biz o‘quvchilar shu asarning ichiga sho‘ng‘ib kirib ketardik. Zo‘r qilib, tushuntirganliklari bois asardagi voqealar to‘qima bo‘lsa ham chippa-chin ishonib qolardik.
Tohirov domlamiz 1976 yil o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan paytimiz adabiyot fanidan dars o‘tdilar. Bilimli, dunyoqarashlari keng, juda jiddiy edilar. U kishi kulmasdilar. Shuning uchun u kishidan har narsani so‘rashdan hayiqib turardik. U kishidan qalbimga adabiyotga oshnolik jo etganliklari uchun juda minnatdorman.
Oliy dargohda birinchi kursda Oxunjon Safarov domlamiz ifodali o‘qish fanidan dars o‘tdilar. Ular darsni shunaqangi qiziqarli o‘tganlarki, adabiyot fani mutaxassisligini tanlaganimga shukronalar qilganman. Har bir mashg‘ulotda she’r yodlab, uni ifodali aytib berardik. Ustozning har bir darslari adabiyotga muhabbatimni kuchaytirgani aniq. Oxunjon domlamizdek zavqli, adabiyotga oshno go‘zal qalb egasi juda kam bo‘ladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Allohim, jannatlarda joy ato etsin!
Adabiyotga oshnolik meni Alisher Navoiy hamd va na’t g‘azallari g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini tadqiq etishga undadi. Bunga dastlab atoqli sharqshunos, filologiya fanlari doktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, professor Najmiddin Komilov da’vat etdilar va ruhlantirdilar. So‘ng Samarqand Davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov rahnamolik qildilar. Bu ustozlardagi odamiylik, ezgu fazilatlar hammamizga namuna bo‘lishi kerak. Adabiyotni sevgan, undan zavqlana olgan qalblardan yomonlik hamisha yiroq yuradi.
Ustozlarimga havas qilib, yursam deyman shu tabarruk izingizdan, deb qolaman.
Ziyoda G‘AFFOROVA,
“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.