Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik xizmatlar ko‘rsatish sifati yanada oshadi
19:11 / 2021-07-08

Adliya idoralari tomonidan mamlakatimizda davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, turli mulkchilik shaklidagi korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 sentyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, uning ijrosi doirasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini kuchaytirish, markazlashgan yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish borasida qator ishlar amalga oshirlmoqda.

Mazkur hujjat asosida Namangan shahri, Qarshi, Andijon va Marhamat tumanlarida eksperiment tariqasida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi markazlar tashkil etilib, qariyb bir yil muddat davomida aprobatsiyadan o‘tkazildi.

Markazlar tomonidan 3 ta hududda 23 ta tuman va shahar darajasidagi davlat organlariga (Namangan shahrida 9 ta, Qarshi va Marhamat tumanlarida 7 tadan) yuridik xizmat ko‘rsatildi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan barcha yuridik hujjatlarni ishlab chiqish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilishni to‘liq elektron shaklga o‘tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi ishga tushirildi.

Davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan buyruq, shartnoma va boshqa yuridik tusdagi barcha hujjatlar tahlil qilinib, ularning yuzdan ortiq namunaviy loyihalari ishlab chiqildi va “E-huquqshunos” elektron tizimiga kiritildi.

Bundan tashqari, 2020 yilning 1 oktyabridan joriy yilning 1 iyun kuniga qadar Markazlar tomonidan davlat organlarining 8 ming 173 ta buyruq va 2 ming 464 ta shartnoma loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi, talabnoma-da’vo ishlarini yuritish natijasida 470 million so‘m pul mablag‘larini undirish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, Marhamat tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan o‘tgan davr mobaynida davlat organlari va tashkilotlarining 1 ming 478 ta buyruq va 515 ta shartnoma loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va 54 ta holatda loyihalar qonunchilikka zid bo‘lganligi sababli qaytarilgan.

Shuningdek, markaz tomonidan tashkilot manfaatlarini ko‘zlab sudlarga 19 ta da’vo ariza kiritilib, ularning barchasi qanoatlantirildi. Natijada da’vogarlar foydasiga 185 million so‘m mablag‘ undirildi.

Xususan, markaz tomonidan tuman Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining manfaatini ko‘zlab javobgar “Marhamat Agroservis” MTPning mehnatdan mayiblanib, kasb kasalligiga uchragan sobiq ishchisi A.Abduolimovga “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, to‘langan 32 million so‘m nogironlik pensiyasini javobgardan regres tartibida undirish yuzasidan kiritilgan da’vo ariza Asaka tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, javobgar “Marxamat Agroservis” MTP hisobidan 32 million so‘m undirildi.

Uchta hududdagi davlat organlarida 12 ta shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga 8 oyda 192 million so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilinishiga erishildi.

Markazlar tomonidan aholiga va bevosita ijrochilarga yangi qabul qilingan qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha 537 ta huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida olib borilgan say-harakatlar hamda o‘tkazilgan eksperimentning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, Prezidentimizning 2021 yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda butun respublikamizda Yuridik xizmat markazlari tashkil etish belgilangan.

Mazkur qaror bilan 2021 yil 1 oktyabrdan tuman, shahar darajasidagi davlat organlari yuridik xizmatlarining mavjud 1 ming 182 ta shtat birliklari hisobidan Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun 1 056 ta shtat birliklari tashkil etiladi.

Markaz xodimlari maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tegishli ravishda tuman (shahar) adliya bo‘limlari xodimlariga tenglashtirildi, shuningdek, adliya organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari va ko‘p yillik xizmatlari uchun ustama haq to‘lash tartiblari tatbiq etildi.

Markazlar tomonidan dastlab 12 ta tuman va shahar darajasidagi davlat organlariga, kelgusida bosqichma-bosqich tuman va shahar darajasidagi barcha davlat organlariga yuridik xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi. Tuman, shahar darajasidagi davlat organlarida yuridik tusdagi barcha hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

“E-huquqshunos” elektron tizimini chetlab o‘tgan holda qabul qilingan buyruq va shartnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi, shuningdek, ular hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Markazlarga o‘zining asosiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda boshqa yuridik shaxslarga pullik asosda yuridik xizmatlar ko‘rsatish huquqi berildi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi tuman, shahar darajasidagi davlat organlari va tashkilotlariga yuqori darajali yuridik xizmat ko‘rsatilishi, ularning faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, bugungi kunda yuridik ta’minotga ega bo‘lmagan irrigatsiya, qurilish, veterinariya, pensiya jamg‘armasi kabi tashkilotlarga yuridik xizmat ko‘rsatish, ortiqcha qog‘ozbozlik va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish imkoniyatlarini yaratib berdi.

Abdumutalib Dadajonov,

Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA