Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati a’lo baholandi
10:38 / 2022-04-13

Idora va tashkilotlarda huquqni ta’minlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, ularga birinchi huquqiy “tez yordam” ko‘rsatish, nafaqat tashkilot, balki xodimlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

Markazlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalar qay darajada bajarilmoqda?  

Adliya vazirligi markazlar faoliyati samaradorligini o‘rganish maqsadida davlat idoralari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. 

Unda 12 davlat tashkilotining ikki yuzdan ortiq tuman va shaharlardagi bo‘linmalari, jumladan, xalq ta’limi, moliya, qurilish, madaniyat, maktabgacha ta’lim va boshqa bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi. 

So‘rovnoma mazkur tashkilotlar faoliyatiga joriy etilgan “E-huquqshunos” elektron tizimidagi tashkilot rahbarlarining shaxsiy kabinetida tashkil etilib, unda 2 mingdan ortiq rahbar qatnashdi. 

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 88,7 foiz ishtirokchi markazlar o‘z faoliyatini yaxshi va a’lo darjada olib borayotganini va hozirga qadar muammolar kuzatilmaganligini ma’lum qilgan. 

Markazlar xodimlari olib borayotgan huquqiy targ‘ibot ishlarini 86,6 foiz rahbar a’lo darajada baholagan bo‘lsa, 11,9 foizi o‘rtacha degan fikrni bildirgan. 

Markazlar tomonidan idoralar huquqlarining sudda samarali himoyasi 91,2 foiz so‘ralganlar tomonidan a’lo darajada baholandi. Chunki markazlar sud majlislarining deyarli barchasida qatnashib kelgan va kamdan-kam hollarda sud qarorlari idoralar manfaatlariga zid ravishda chiqarilgan.  

Markazlar tomonidan hujjatlarning o‘z vaqtida ko‘rib berilishi 94,4 foiz a’lo darajada baholangan. Odatda hujjatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, 5-6 foiz javoblarda hujjatlar kechiktirib ko‘rib berilishi ma’lum qilingan. 

Bu jarayonda kam sonli bo‘lsada, ayrim markazlar faoliyatida kamchiliklar yuz berayotgani aniqlandi. Ular tomonidan vaqtida hujjatlarni ko‘rib bermaslik, sudlarda idora manfaatlarini qoniqarli himoya qilmaslik va targ‘ibotni lozim darajada o‘tkazmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.  

Ushbu tahlillar markazlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish uchun juda muhim omil hisoblanadi. Salbiy natija ko‘rsatgan markazlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan chora-tadbirlar belgilandi. 

Xulosa qilish mumkinki, yangicha yondashuv asosida faoliyat yuritayotgan markazlar xizmat ko‘rsatuvchi idoralar tomonidan juda yuqori baholangani ushbu islohot juda o‘rinli bo‘lganini yana bir bor tasdiqladi. 

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, bunday so‘rovnoma har chorakda o‘tkazib boriladi.  

N.Abduraimova,  O‘zA