Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik xizmat faoliyatidagi islohotlar
16:25 / 2026-03-10

Mamlakatimizda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, yuridik xizmatlarning xodimlari qonun buzilishining oldini olish hamda ular bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish uchun yetarli va ta’sirchan vakolatlarga ega bo‘lishlari uchun hamda turli davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlarning tashkiliy shtat tuzilmasini oqilona belgilashni ta’minlash maqsadida mazkur yo‘nalishda yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha me’yoriy-huquqiy mexanizmlar joriy etildi.  

Yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar doirasida davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan hududiy bo‘linmalarda yuridik xizmatlarni majburiy tartibda tashkil etish joriy etildi. Shuningdek, yuridik xizmat xodimlariga belgilangan tartibda martaba darajalarini berish, uzoq yillik xizmat uchun ustamalar to‘lash hamda boshqa davlat organlariga o‘tganda mazkur stajni tegishli to‘lovlarni hisoblashda inobatga olish tartibi belgilandi. Bundan tashqari, har chorakda davlat organi manfaatiga hal qilingan nizolar bo‘yicha undirilgan mablag‘ning 5 foizi miqdorida (eng kam ish haqining 17,5 barobaridan oshmagan holda) mukofotlash nazarda tutildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida Adliya vazirligi tizimida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu amaliyot ijobiy natija bermoqda. Jumladan, davlat idoralari markazlarga taqdim etadigan hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish hamda qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish uchun «E-huquqshunos» tizimi yaratildi, ish yurituv raqamlashtirildi va qog‘ozbozlik sezilarli qisqartirildi.

Bundan tashqari, mazkur markazlar faoliyati yuridik xizmati mavjud bo‘lmagan, ayniqsa, hududiy bo‘linmalarning huquqiy ta’minotini kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda. Markazlar faoliyati bosqichma-bosqich kengaytirilib, yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan hududiy bo‘linmalarga huquqiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Natijada mahalla hamda ijtimoiy soha idoralari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, soliq va bandlik organlari kabi qator tuzilmalar professional yuridik xizmat bilan qamrab olindi.

Xulosa qilib aytganda, so‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlar institutini tubdan takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirildi. Natijada bu institut nafaqat qabul qilinayotgan qarorlar va hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligini ta’minlaydigan mexanizm, balki qonuniylikni mustahkamlash, huquqiy xavf-xatarlarni oldindan bartaraf etish hamda davlat boshqaruvida huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi ahamiyatini yanada oshirdi.  

Shu bilan birga, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy ta’minotini kuchaytirish, yuridik xizmatlar qamrovini kengaytirish hamda qonuniylikni ta’minlashda institutsional mexanizmni shakllantirishga xizmat qildi. Raqamli texnologiyalarning joriy etilishi esa huquqiy ekspertiza jarayonlarining tezkorligi, shaffofligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Markazlar faoliyatining kengayishi hududiy bo‘linmalarning huquqiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirib, davlat organlarida qonuniylikni ta’minlashning barqaror tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Dilnoza Barlibayeva,  

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi  

Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti bosh maslahatchisi