Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik va jismoniy shaxslarni bankrotlikdan himoya qiluvchi qonun
11:53 / 2022-04-27

Joriy yilning 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi munosabatlarini tartibga solish, jumladan, iqtisodiy nochor ahvolga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini qo‘llash orqali ularning faoliyatini qayta tiklashga qaratilgan. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi departament boshlig‘i Jamshid Tohirov O‘zA muxbiriga qonunning mazmun-mohiyati, asosiy jihatlari to‘g‘risida quyidagilarni so‘zlab berdi. 

– Mazkur qonunda qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida vaqtinchalik hamda doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik qoidalari kiritilgan. Shuningdek, kreditorlik qarzi miqdoridan qat’i nazar qarzdor o‘z majburiyatlarini kamida 3 oy davomida bajarmaganda, u vaqtincha to‘lovga qobiliyatsiz, deb topiladi va unga dastlab sog‘lomlashtirish taomillari qo‘llaniladi hamda joriy soliq to‘lovlarini to‘lash to‘xtatib turiladi.    

So‘nggi hisobot yilida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlaridan doimiy ravishda oshgan bo‘lsa, u doimiy to‘lovga qobiliyatsiz deb topilib, unga tugatish taomillari qo‘llaniladi. 

Ushbu tartib iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan yuridik va jismoniy shaxslarni bankrot bo‘lishini oldini olish va ularga nisbatan dastlab sog‘lomlashtirish taomilini qo‘llash orqali faoliyatini tiklash maqsadida kiritilgan. To‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa ham qarzdor faoliyatini davom ettirishi uchun zarur bo‘lgan shartnomalar ijrosi davom ettiriladi. 

Aksincha, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilguniga qadar qarzdor tomonidan bozor qiymatidan past va qarzdorning moliyaviy holatini yomonlashtiradigan kabi shartnomalar sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkinligi belgilangan. Bu tartib to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan korxonalarni faoliyat yuritishini rag‘batlantirish uchun joriy etilgan. 

Qarzdorni to‘lovga qobiliyatsizligi uning muassisi yoki mansabdor shaxslari tomonidan g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida vujudga keltirilgan bo‘lsa, kreditor qarzdorlikning qoplanmagan qismi bo‘yicha subsidiar javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda. 

Qonun bilan, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarda advokatlarga ham sud boshqaruvchisi sifatida ishtirok etish huquqi berildi. Shuningdek, sud boshqaruvchilarining huquqlari kengaytirilib, Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan oldindan haq to‘lamasdan foydalanish, qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat organlaridan bepul olish imkoniyati yaratildi. 

Shu bilan birga, ish hajmidan kelib chiqib, sud boshqaruvchilariga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish amaliyoti joriy etildi.

Kreditorlik qarzlarni qaytarishni ta’minlash maqsadida qarzdor mulkini takroriy auksion savdolariga chiqarish, kreditorlar yig‘ilishi qarori bilan mulkning boshlang‘ich bahosini bosqichma-bosqich 50 foizgacha pasaytirish, mablag‘larning qarzni qoplashga yo‘naltirilgan qismini qo‘shilgan qiymat va daromad solig‘idan ozod etish kabi normalar kiritildi. Mazkur qonun bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish instituti joriy etilmoqda. 

Qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganda, avvalo, unga qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish tartib-taomili qo‘llaniladi va qarzdor jismoniy shaxsga o‘z qarzini 3 yil davomida to‘lov-grafigi asosida bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.   

Jismoniy shaxs o‘z qarzini bo‘lib to‘lash grafigi asosida to‘lay olmasa, u sud tomonidan bankrot deb topiladi. Bankrotlik jarayonida qarzdor jismoniy shaxs mol-mulki yetmaganligi sababli qoplanmay qolgan qarzini to‘lashdan ozod etiladi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishda jismoniy shaxsning g‘ayriqonuniy harakatlari oqibatida qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikni vujudga keltirganligi yoki qarzdor jismoniy shaxsning qonunga xilof harakatlari, firibgarlik, qarzlarni to‘lashdan asossiz ravishda bo‘yin tovlash, kredit olayotganda oldindan bila turib kredit beruvchiga soxta ma’lumotlar taqdim etish, mol-mulkni yashirish yoki qasddan yo‘q qilish kabi holatlar sodir etilganligi isbotlangan bo‘lsa, jismoniy shaxs majburiyatlardan ozod etilmaydi. 

Qonunda ulush kiritish asosida qurilgan uy-joylarni xarid qilgan mulkdorlar huquqlari himoyasini ta’minlash maqsadida quruvchilarni to‘lovga qobiliyatsiz deb topishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Ushbu tartib bilan to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonida ulushdorlarning huquq va manfaatlarini himoyalash kafolatlari belgilab berilgan.   

E’tiborli jihati shundaki, qonunda iqtisodiy nochor xolatga tushgan insofli va halol tadbirkorlik sub’ektlarini va jismoniy shaxslarni moliyaviy holatini yaxshilash uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normalar kiritilgan va aksincha, to‘lovga qobiliyatsizlikni qasddan sodir etgan holatlarda qat’iy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar joriy etilgan. 

Mazkur qonun to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llash orqali ularning faoliyatini tiklash va ish o‘rinlarini saqlab qolishga, qarzdor va kreditorlarning manfaatlarini ta’minlashga hamda mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.   

Shahnoza Mamaturopova,   O‘zA