Adliya vazirligida yuridik texnikumlari qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan Adliya vazirligi tuzilmasida har bir hududda bittadan, jami 14 yuridik texnikum tashkil etilgan.
Mazkur qaror orqali yuridik kadrlarni tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirildi. bugungi kunda yuridik texnikumlarda 5 ming 42 o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga 218 nafar pedagog xodim tomonidan dars mashg‘ulotlari o‘tib kelinmoqda.
Yuridik texnikumlarga qabul 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirilmoqda.
Yuridik texnikumlarga har yili 3 ming 180 o‘quvchi qabul qilinadi. Shundan 1 ming 950 nafari kunduzgi, 1 ming 230 nafari sirtqi ta’limda tahsil oladi.
2021/2022 o‘quv yili uchun mazkur texnikumlarga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 2021 yil 1 avgustdan 20 avgustga qadar amalga oshiriladi.
Bunda hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) yoki Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (www.dtm.uz) orqali qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yuridik texnikumlarda kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) to‘liq joriy etilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, yangi o‘quv yili uchun «yurisprudensiya» mutaxassisligi bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari qayta ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.
TDYUU tomonidan yuridik texnikumlar uchun 22 nomdagi yangi avlod darsliklar yaratildi hamda ularning elektron variantlari texnikumlarga yetkazib berildi.
O‘quv jarayoni va o‘quvchilarning bilimini baholashda shaffoflikni ta’minlash, o‘quvchilar bilimini nazorat qilish va baholash jarayonini raqamlashtirish maqsadida o‘quvchilarning bilimini baholashning elektron tizimi (SRS – Student Resords System) joriy qilindi.
Pedagoglarning o‘quvchilar bilan muloqoti hamda o‘quvchilarning o‘zaro muloqotini o‘z ichiga oluvchi xodimlar va o‘quvchilar uchun ichki axborot-kommunikatsiya vosita va resurslarini tashkil etish maqsadida «Elektron yuridik texnikum» innovatsion elektron platformasi konsepsiyasi va texnik talablari ishlab chiqildi hamda ushbu platformani yaratish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
N.Abduraimova, O‘zA