Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida hududlardagi ayrim kasb-hunar va yuridik kollejlar texnikumlarga aylantirildi.
Yuridik texnikumlarning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va axborot-resurslari jihatidan ko‘maklashish Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, tashkiliy-kadrlar bazasini mustahkamlash esa — hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida ta’limning kredit modul tizimida o‘quvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari to‘g‘risida”gi nizomi yuridik texnikumlarda ta’limning kredit-modul tizimida o‘quvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlarini belgilab berdi. Ayni vaqtda respublikamizning barcha viloyatlarida yuridik texnikumlar o‘rta maxsus yuridik kadrlarni yetkazib bermoqda.
Namangan shahri markazidagi sobiq akademik litsey o‘rnida Namangan yuridik texnikumining qayta rekonstruksiya qilingan zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Adliya vazirligi tomonidan ajratilgan 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bo‘lajak huquqshunoslar uchun barcha qulayliklar yaratildi. 600 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskanining o‘quv xonalari xalqaro standartlarga javob beruvchi jihozlar bilan ta’minlandi.
Qolaversa, 100 o‘rinli faollar zali, axborot texnologiyalari klubi, “yuridik klinika” markazi, “Zakovat” klubi, sud zali, axborot resurs markazi, yigit va qizlar uchun alohida turar-joylar, 18x42 o‘lchamdagi sport zali, o‘yingoh, 200 o‘rinli zamonaviy oshxona, ertamiz egalarini sifatli ta’lim-tarbiya olishlariga xizmat qiladi.
– 40 yil davomida yoshlarga huquq fanidan dars berdim, – deydi faxriy muallim Turg‘unpo‘lat Hakimov. – Biz ishlagan kezlarda bugungidek imkoniyatlar bo‘lmagan. Yuridik texnikumda shinam va yorug‘ xonalar, zamonaviy o‘quv jihozlarini ko‘rib, behad xursand bo‘ldim. Bunday sharoitlar oliy ta’lim muassasalaridan aslo qolishmaydi. O‘quvchilarimiz yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanishlari darkor. Zero, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda huquqiy bilimlar ustuvorlik kasb etadi.
Yuridik texnikum yangi binosining ochilishida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Respublika Adliya vazirining o‘rinbosari Aktam Muhammadiyev ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA