Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalariga identifikatsiya raqami beriladi
11:59 / 2024-04-09

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda «Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarining soliq munosabatlarida aniq huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 127-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda amaliyotda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan maxsus bank hisobvaraqlarini ochish bilan bog‘liq muammolar mavjud. Chunki ushbu hisobvaraqlarni ochish va ularda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish uchun soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami(STIR) mavjud bo‘lishi zarur. 

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga adliya organlarida hisobga qo‘yilgan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda. 

Mazkur kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyatining to‘laqonli amalga oshirilishini, shuningdek, kasaba uyushmalari tashkilotlari a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini samarali himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA