Savol: Men tadbirkorman, kecha soliq inspeksiyasi xodimi kelib, soliqdan qarzdorligimiz sababli bank hisobvarag‘imiz to‘xtatib qo‘yilishini aytdi. Shunday bo‘lishi mumkinmi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasining Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida"gi yo‘riqnomaga asosan, asosiy hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar faqat hisobvaraq egasining farmoyishiga ko‘ra yoki hisobvaraqdagi pul mablag‘lari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchisi, tergovchi qarori bo‘yicha yoxud sud ajrimiga ko‘ra xatlanganda, shuningdek, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bunday holda, pul mablag‘lari faqat qaror yoki ajrimda ko‘rsatilgan summaga xatlanadi.
Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, qonunda ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar faqat chiqim qismida to‘xtatiladi.
Demak, bank hisobvarag‘idagi pullar hisobvarag‘ egasining xohishi yoki sud qaroriga asosan yoki boshqa vakolatli shaxslar qaroriga asosan to‘xtatib qo‘yilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Sizning hisobvarag‘ingiz qarzdorligingiz sud tartibida undiruvga qaratilgan bo‘lsa, sud qaroriga asosan to‘xtatilishi mumkin.
Ushbu material TDYUUning "Yuridik klinika"si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA